Pokiston OAV: TDT mamlakatlari O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari qatoriga kiradi
May 14, 2026. 16:25 • 2 daq
• 20
ISLOMOBOD, 14-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan Economy”, “MNN News” va “Diplomatic Affairs” nashrlarida Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materiallarda yozilishicha, XXI asrda global iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishi transport va logistika tizimlarining strategik ahamiyatini yana-da oshirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi muhim geoiqtisodiy hududda joylashgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga aʼzo mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
TDT mamlakatlarini O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari qatoriga kiritish mumkin. Jumladan, Qozog‘iston bilan yirik savdo aylanmasi, Ozarbayjon bilan erkin savdo, Turkiya va Vengriya bilan eng ko‘p qulaylik rejimi amal qiladi. 2025-yilda O‘zbekistonning TDTga aʼzo davlatlar bilan yuk tashish hajmi 17,5 mln tonnani tashkil etib, umumiy eksport-import tashuvlarining qariyb 38 foiziga to‘g‘ri keldi.
Nashrlarning qayd etishicha, O‘zbekiston TDTga aʼzo davlatlardan iborat “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Turkmaniston–Qozog‘iston–Kaspiy dengizi–Ozarbayjon–Gruziya–Turkiya–Yevropa” strategik yo‘nalishidan faol foydalanmoqda. TDT bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga urg‘u berilmoqda. Xususan, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda logistika jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, TDT doirasida yetkazib berish zanjirlarida raqamli yechimlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Tashkilotga aʼzo davlatlar o‘rtasida elektron ruxsatnoma almashish tizimi e-Permit yo‘lga qo‘yilgan, Ozarbayjon bilan e-TIR tizimi joriy etilgan. Shu bilan birga, elektron bojxona, avtomatik yuk kuzatuv tizimlari, “raqamli bojxona koridori” kabi yechimlar TDT mamlakatlarida keng joriy etilmoqda.
Maqolalarda taʼkidlanishicha, TDT tashabbuslari turkiy davlatlar o‘rtasida yagona transport makonini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Raqamlashtirilgan tizimlar, yangi transport yo‘nalishlari va qo‘shma investitsiyalar tufayli TDT mamlakatlari o‘zaro integratsiyani chuqurlashtirib, Yevroosiyo transport tarmog‘ida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Qirg‘iziston nashri: TDTning transport va tranzit sohasidagi hamkorligi tobora kengaymoqda



