O‘zbekiston va Xitoy inson huquqlari tuzilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi
May 14, 2026. 16:25 • 2 daq
• 21
TOSHKENT, 14-may. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkentda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi (IHMM) va Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi (CFHRD) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hujjatni IHMM va CFHRD rahbarlari – akademik Akmal Saidov va Li Xunkuy imzoladi. Ushbu hujjat Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha “Xitoy–Markaziy Osiyo” forumi doirasida imzolandi.
Anglashuv memorandumi muqaddimasida tomonlarning o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, inson huquqlari sohasida tajriba almashinuv va hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekiston–Xitoy o‘rtasida inson huquqlarini rivojlantirishga birgalikda ko‘maklashish istagi bayon etilgan.
Memorandumda qayd etilganidek, tomonlar inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasida tenglik, o‘zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillari asosida hamkorlikni amalga oshiradi. Memorandum doirasida, jumladan:
· inson huquqlari masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilm-fanni targ‘ib qilish va o‘quv dasturlarini amalga oshirish;
· inson huquqlari sohasida o‘zaro manfaatli axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va ilmiy seminarlarni birgalikda o‘tkazish;
· har ikki davlatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish va global boshqaruvni takomillashtirishga ko‘mak berish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi.
Memorandumda hamkorlikni amalga oshirish shakllari ham ko‘rsatilgan. Xususan, inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish sohasida o‘zaro axborot, qonunchilik hujjatlari, axboriy-tahliliy materiallar va adabiyotlar, xalqaro majburiyatlarni bajarishga oid tajriba almashinuvi hamda qo‘shma ilmiy dasturlar va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z bormoqda.
Bundan tashqari, xodimlar uchun tashriflar va amaliyotlar tashkil etish, inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va o‘quv dasturlari o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma nashrlar tayyorlash va chop etish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi Toshkentda o‘z ishini boshladi



