O‘zbekiston va Global suv tashkiloti o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 15, 2026. 13:00 • 2 daq
• 84
AR-RIYOZ, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Yurtimiz diplomatlari Saudiya Arabistonidagi Global suv tashkiloti (GST) rahbari Fahad bin Abdurahmon Balg‘unaym bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida suv masalasi bugungi kunda global kun tartibidagi eng dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylangani hamda uning ekologik barqarorlik, aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy o‘sish bilan bevosita bog‘liqligi ta’kidlandi.
Tashkilot rahbari Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, Podshohlik dunyoda suv resurslari cheklangan davlatlardan biri bo‘lgani sababli “Nigoh – 2030” dasturi doirasida suv tejamkorligi, dengiz suvini chuchuklashtirish, oqova suvlarni qayta ishlash va raqamli yechimlarni joriy etishga katta e’tibor qaratmoqda.
GST jahon davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan suv sohasidagi yagona xalqaro tashkilot sifatida xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va ilmiy markazlar o‘rtasidagi sheriklikni kuchaytirishni maqsad qilgan.
O‘z navbatida diplomatlarimiz O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida so‘nggi yillarda suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining barcha ta’sischi davlatlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani qayd etildi.
Fahad Balg‘unaym O‘zbekistonda yangi Suv kodeksi qabul qilinganini hamda 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish davlat dasturi izchil amalga oshirilayotganini yuqori baholadi.
Bundan tashqari, u joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon suvni tejash forumi o‘tkazilishini olqishladi va rasmiy taklif taqdim etilgan taqdirda GST rahbariyati ushbu nufuzli anjumanda mamnuniyat bilan ishtirok etishini bildirdi.
Uchrashuv davomida GST rahbari O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda tajriba almashish hamda birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga to‘liq tayyorligini ma’lum qildi.
Global suv tashkiloti (Global Water Organization) 2023-yil 4-sentyabrda Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud tomonidan rasman tashkil etilgan. 2025-yil may oyiga kelib uning nizomi sakkiz ta’sischi davlat — Gretsiya, Kuvayt, Mavritaniya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Senegal va Ispaniya tomonidan imzolangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi