AQSH va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha hadli bitimni e’lon qildi

Iyun 15, 2026. 12:00 • 3 daq

AQSH va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha hadli bitimni e’lon qildi

VASHINGTON–TЕHRON, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron urushni to‘xtatish, AQSHning Eronga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilish hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovini qayta tiklashni ko‘zda tutuvchi hadli bitimga erishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.

Bitimga erishilgani haqida birinchi bo‘lib Tehron va Vashington o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarda vositachilik qilgan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar “barcha jabhalarda, jumladan, Livanda harbiy amaliyotlarni zudlik bilan va doimiy ravishda to‘xtatishga” kelishib olgan.

Ko‘p o‘tmay, AQSH Prezidenti Donald Tramp bu ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqladi. “Eron Islom Respublikasi bilan kelishuv endi yakunlandi”, – deb yozdi u. Prezident bayonotiga ko‘ra, AQSH Eron portlarining dengiz blokadasini ham to‘xtatadi. “Tinchlik kemalari, dvigatellarni ishga tushiring. Neft yana oqaversin!” – deya qayd etdi davlat rahbari.

“Al Jazeera”ning Erondagi manbalariga ko‘ra, kelishuv loyihasi 14 banddan iborat. Ular orasida barcha jabhalarda jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, 30 kun ichida dengiz qamalini to‘liq bekor qilish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va hujjat imzolangandan so‘ng 60 kun ichida yadroviy masalani uzil-kesil hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish kabi bandlar bor.

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibiyati dushanba kunidan boshlab barcha yo‘nalishlarda, jumladan, Livanda harbiy harakatlar batamom to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Eron tashqi ishlar vazirining huquqiy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiyning aytishicha, 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish davrida tomonlar kengroq kelishuvlar to‘plamini, jumladan, sanksiyalarni bekor qilish va muzlatilgan aktivlarni blokirovkadan chiqarishni muhokama qilish niyatida.

Ushbu kelishuvga Vashington va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar saqlanib qolayotgan bir paytda erishildi. Kelishuv e’lon qilinishidan sal avval Isroil Livan hududiga zarba bergani Eron va AQSHning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu avvalroq Isroilning Livandagi harbiy harakatlarini cheklash masalasida AQSH ma’muriyati bilan bir necha bor kelisha olmagan edi. Isroil OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 14-iyun kuni Donald Tramp u bilan telefon orqali muloqot chog‘ida muzokaralar borishi haqida xabardor qilgan.

Amerika yetakchisi “The New York Times” nashriga bergan intervyusida Binyamin Netanyahuni “juda murakkab odam” deb atadi va u Eronda yadroviy qurol paydo bo‘lishining oldini olgani uchun AQSHdan minnatdor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Bir qator jahon yetakchilari erishilgan kelishuvni olqishladi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya Eronning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha “aniq va tekshiriladigan qadamlar”iga javoban unga qarshi sanksiyalarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Memorandumni imzolash bo‘yicha rasmiy marosim 19-iyun kuni Shveysariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bungacha tomonlar hujjatning yakuniy matnini tayyorlash uchun bir qator texnik maslahatlashuvlar o‘tkazishni niyat qilmoqda.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish