Nemis olimlarining Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan kitobi nashr etildi

Noyabr 02, 2026. 16:00 • 3 daq

• 16
Nemis olimlarining Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan kitobi nashr etildi
Nemis olimlarining Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan kitobi nashr etildi
Nemis olimlarining Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan kitobi nashr etildi

BЕRLIN, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya olimlari tashabbusi bilan xalqaro “Springer Nature” nashriyotida “Markaziy Osiyoning barqaror kelajagi sari: iqlim, resurslar va inson xavfsizligi tahlili” nomli ilmiy kitob nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaziy Osiyoning iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va inson xavfsizligiga bag‘ishlangan ushbu kitob Potsdam iqlim ta’sirini tadqiq qilish instituti olimlari Iuliy Didoves, Valentina Krisanova, Fred Fokko Xattermann hamda Gelmgols geofanlar markazida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik olim, gidrolog Abror G‘afurov tahriri ostida tayyorlandi. Ushbu kitobni tayyorlashda 37 ta ilmiy muassasaning 86 nafar olimi ishtirok etdi.

Tadqiqotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda iqlim o‘zgarishining suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, energetika va ekologik barqarorlikka ta’siri tahlil qilingan.

Olimlarning xulosalariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda havo harorati jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan tezroq ko‘tarilmoqda. Ayrim iqlim ssenariylarida 2100-yilga borib muzliklar hajmi 85 foizgacha qisqarishi, 2050-yilga kelib esa yoz oylarida daryolar suvi 50 foizgacha kamayishi mumkin. Bu, ayniqsa, sug‘orma dehqonchilikka bog‘liq O‘zbekiston uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Kitobda suv resurslaridan oqilona foydalanish, muzliklar va qor zaxiralarini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish hamda davlatlar o‘rtasida transchegaraviy suv hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan.

Nashrda o‘zbekistonlik olim Abror G‘afurovning ilmiy hissasi ham muhim o‘rin egallagan. U hammualliflik qilgan tadqiqotda MODSNOW zamonaviy monitoring tizimining imkoniyatlari yoritilgan.

Ushbu texnologiya sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida tog‘lardagi qor qoplamini kuzatish, suv zaxiralarini baholash va daryolar oqimini prognozlash imkonini beradi. Tizim Markaziy Osiyoning beshta davlatida ham qo‘llanilmoqda.

Shuningdek, tadqiqotda iqlim o‘zgarishining bug‘doy hosildorligiga ta’siri ham o‘rganilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, amaldagi agrotexnik sharoitlar saqlanib qolsa, O‘zbekistonda o‘rganilgan sakkiz hududning yettitasida kuzgi bug‘doy hosildorligi pasayishi mumkin. Bu issiqlikka chidamli navlarni tanlash, ekish muddatlarini moslashtirish va sug‘orish samaradorligini oshirish muhimligini ko‘rsatadi.

Mazkur kitob Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini chuqur anglash, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekologik xavflarni kamaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim ilmiy manba hisoblanadi. Undagi xulosa va tavsiyalar O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ham foydalanilishi mumkin.

Kitobning elektron nusxasi “Springer Nature” nashriyoti saytida ochiq foydalanish uchun joylashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish