O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
Noyabr 02, 2026. 15:20 • 6 daq
• 12
TOSHKЕNT, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun mehnat migratsiyasi hamda xorijda ishlash istagidagi aholini til va kasblarga maqsadli o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, jahon mehnat bozoridagi talab o‘zgarib bormoqda. Bugun dunyoda 168 million kishi xorijiy mehnat migratsiyasida. Bir tomondan, mamlakatimizda chet elda ishlash istagidagi fuqarolar bor, ikkinchi tomondan, qator davlatlarda malakali ishchi kuchiga ehtiyoj ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari ushbu imkoniyatlarni o‘zaro bog‘lash, fuqarolarni aniq ish o‘rinlariga tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik ko‘lami kengaydi. Ilgari mazkur yo‘nalishda uchta davlat bilan ish olib borilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar soni qariyb 400 taga ko‘paydi. Chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni o‘n yilda ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshdi. Bu fuqarolarning yuqori malakali va daromadli ishlarga joylashishi naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
Biroq hududlar natijalari o‘rtasida katta tafovut saqlanmoqda. Xorijda ishlayotgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi Farg‘onada 1 ming 850 dollar bo‘lsa, ayrim hududlarda 400 dollarga ham yetmaydi. Hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlari fuqarolarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash bo‘yicha faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatarda ish beruvchilarni texnikumlar bilan bog‘lash bo‘yicha ijobiy misollar bor. Boshqa mamlakatlardagi elchilar ham mehnat bozori imkoniyatlarini aniq ish o‘rinlari va kadrlar tayyorlash dasturlariga aylantirishi lozimligi qayd etildi.
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb etish masalasini ilk bor migratsiya strategiyasiga kiritgan. Buyuk Britaniyada ham 33 ming ishchiga ehtiyoj bor. Shunga qaramay, bu mamlakatga yurtdoshlarimiz asosan qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga bormoqda. Tibbiyot, logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlarga erishish, Italiya bilan mavjud imkoniyatlardan foydalanish, shuningdek, “Yoshlar mobilligi” dasturida ishtirok etish masalasini hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz chet tillarini bilish yuqori daromadli ish topishning asosiy shartlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda ingliz tilini puxta o‘rganib, sertifikat olgan 200 mingga yaqin yosh bor. Ularning AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa davlatlarda ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarur.
Germaniyadan joriy yilning o‘zida 45 ming mutaxassisga buyurtma kelib tushgan, ammo atigi 2 ming kishi ishga joylashgan. Bunga nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi sabab bo‘lmoqda. Shu bois, kasbiy ta’lim bilan til tayyorgarligini birga olib borish, xorijlik ish beruvchilar buyurtmasini texnikumlardagi o‘quv dasturlari bilan bog‘lash muhimligi ta’kidlandi.
Har bir viloyatdagi ikki-uchta texnikumda kasb bilan birga nemis tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi. “Intil” xalqaro o‘quv markazida “Telc” kompaniyasi ishtirokida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlash boshlangan. Kelasi yil ular hududlardagi texnikumlarga jalb qilinadi. Maktab va texnikumlar uchun yana 500 nafar nemis tili egasini olib kelish, oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini ikki karra oshirish belgilandi.
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari “Intil” markazi tajribasini o‘rganib, kelasi yili har bir hududda yagona migratsiya markazini ochadi. Buning uchun har bir viloyatga 8 milliard so‘mdan ajratiladi. Kelasi yil 10 ming kishini kasb va nemis tiliga o‘rgatib, Germaniyada ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.
Yirik xorijiy kompaniyalar o‘zlariga zarur mutaxassislarni O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda. Shu asosda bir oy ichida 20 ta texnikum tanlanib, ularning dasturlari xorijlik ish beruvchilar talabiga moslashtiriladi. Har bir viloyatdagi yana ikki-uchta texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga berish, ular orqali yiliga kamida 30 ming nafar ishga tayyor mutaxassis yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Bunday texnikumlar 15 yilga boshqaruvga beriladi, bitiruvchilar davlat namunasidagi malaka sertifikatini oladi. Kadr tayyorlash va jihozlarga sarflangan mablag‘larni soliqlardan chegirish, xorijda yaxshi ishga joylashgan bitiruvchilar uchun grant ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda xususiy bandlik agentliklari faoliyati ham tahlil qilindi. Litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yilda ularning soni uch baravar, agentliklar orqali xorijda ishga joylashganlar soni besh karra ortdi.
Kelasi yil fuqarolarni xorijga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi ishonchli bandlik agentliklariga o‘tkaziladi. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun ularga 1,5 million so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi. Agentliklarning ochiq reytingi yuritilib, ishga joylashish natijasi, fuqarolar huquqlarining himoyasi va ijtimoiy kafolatlar asosiy mezon bo‘ladi.
Joriy yilning o‘zida 34 ta davlatda 287 ming kishini ishga joylashtirish imkoniyati mavjud, biroq bu haqda fuqarolarga yetarli ma’lumot yetkazilmayapti.
Endi xorijdagi har bir ish o‘rni bo‘yicha mutaxassisga qo‘yiladigan talab, zarur til va o‘qish imkoniyatlari haqidagi ma’lumot mahallagacha yetkaziladi. “Mahalla yettiligi” chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Hokimlar va mas’ul tashkilotlar ularning kasb va tilga tayyorlanishi hamda ishga joylashishiga javob beradi. Viloyat hokimlari bu boradagi natijalarni har oy, tuman hokimlari esa oyiga ikki marta ko‘rib chiqadi.
Elchilardan ish beruvchilar bilan kelishuv tuzish bilan cheklanmasdan, kvotalar, ishchi vizalari va malakani tan olish masalalarini iqtisodiy diplomatiya orqali hal etish talab qilindi. Ular hokimlar bilan birga fuqarolarning ishga joylashishi va yangi muhitga ko‘nikishigacha bo‘lgan jarayon uchun mas’ul bo‘ladi.
Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Endi qiyin vaziyatga tushgan fuqaro “Onlayn mahalla” platformasida xabar qoldirishi mumkin. Zarur hollarda elchining o‘zi uning muammosi bilan shug‘ullanadi. Hokimlarga esa xorijda ishlayotganlarning oilalari, ota-onalari va farzandlarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.
– Chet elda mehnat qilayotgan birorta yurtdoshimiz o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi qaytgan. Ularning orasida xorijda sanoat, qurilish, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida tajriba orttirgan mutaxassislar bor. Hokimlar va tarmoq rahbarlari ularning salohiyatidan foydalanib, munosib ish taklif etishi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qaytgan fuqarolarning ishlagan joyi, kasbi va staji aks etadigan platforma yaratiladi. Yil yakunigacha ularning 250 ming nafariga mos ish topish, tadbirkorlik qilishni istaganlarga ko‘maklashish vazifasi belgilandi.
Xorijda orttirilgan ish staji va pensiya huquqini tan olish masalasiga ham to‘xtalindi. Bugun yurtdoshlarimiz 40 dan ziyod davlatda qonuniy ishlab, pensiya badallarini to‘layapti. Joriy yil Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan bu borada ikki tomonlama bitimlar imzolangan. Fuqarolarimiz ko‘p mehnat qilayotgan boshqa davlatlar bilan ham shunday kelishuvlarga erishish topshirildi.
Mamlakatimizga kelayotgan xorijiy ishchi kuchini tartibga solish ham muhokama qilindi. O‘zbekistonda uzoq muddat yashayotgan chet elliklar soni 250 mingga yaqinlashgan. Ulardan 36 ming nafari ishlashga ruxsatnoma olgan, 24 ming nafari talaba. Qolganlarning bandligi va daromad manbalari haqida aniq ma’lumot bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlariga birinchi navbatda o‘zimizning fuqarolarni joylashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilindi, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi