Guanchjouda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi
May 29, 2026. 15:10 • 2 daq
• 103GUANCHJOU, 29-may. /“Dunyo” AA/. Guanchjou shahrida tashkil etilgan taqdimot doirasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda Xitoyning Guandun provinsiyasidagi turoperator kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalarining 150 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning madaniy-tarixiy yo‘nalishlar, gastronomik turizm, tabiiy diqqatga sazovor maskanlar kabi keng qamrovli sayyohlik imkoniyatlari hamda ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish istiqbollari haqida maʼlumot berildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Forum doirasida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari Toshkent – Guanchjou yo‘nalishida yangi muntazam aviaqatnov ochilishiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekiston bilan Xitoyning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri o‘rtasidagi ishbilarmonlik, sayyohlik va gumanitar aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Guandun provinsiyasi Madaniyat va turizm departamenti bosh direktori o‘rinbosari Xuan Sichjun O‘zbekistonning sayyohlik tashkilotlari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va turizm salohiyatini xitoyliklar orasida ommalashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
O‘zbek sanʼatkorlari ijrosida “Lazgi” milliy raqsini ijro etilgani tadbirning yorqin lahzalaridan biri bo‘ldi. Bu chiqish ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va taqdimot mehmonlarida yorqin taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sayyohlik almashinuvini yana-da rivojlantirish hamda turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







