Qozog‘istonda O‘zbekistonning sayyohlik va tibbiy turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
May 26, 2026. 14:55 • 2 daq
• 102
AKTOBE, 26-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Oqtovdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari hamda “AKFA Medline” klinikasi hamkorligida O‘zbekistondagi sayyohlik imkoniyatlari va tibbiyot turizmiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona biznesi, mahalliy ishbilarmon doiralar vakillari hamda Oqtov shahridagi tibbiyot muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Bosh konsulxona va “AKFA Medline” klinikasi vakillari ishtirokchilarga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari, tibbiy turizm, guruhli sayohat paketlari va tranzit turizmi haqida maʼlumot berdi. “AKFA Medline” klinikasida qo‘llaniladigan zamonaviy tibbiy uskunalar, jumladan, robotlashtirilgan texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Qozog‘istonning Atirau, Uralsk, Oqtov, Ostona va Olmaota shaharlaridan O‘zbekistonning turli hududlariga, jumladan, Toshkent shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligi alohida taʼkidlandi. Buning ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik oqimini oshirishga xizmat qilishi, ayniqsa, Qozog‘istonning g‘arbiy hududlari aholisi uchun sayohatlarni yana-da qulaylashtirishi qayd etildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar va sayyohlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.
Taqdimot doirasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik turizm loyihalari hamda sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida Toshkent shahrida “Tungi sayyohlik ko‘chalari”ning ishga tushirilgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga bo‘lajak tadbirlar – Namanganda o‘tkaziladigan Xalqaro gullar festivali va 4–5-iyun kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Women in Tourism” xalqaro forumi haqida xabar berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib, qo‘shma turizm tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Yaponiyaning Narita shahridagi ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyati namoyish etildi



