O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisidagi nutqi
May 29, 2026. 16:25 • 4 daq
• 112
(2026-yil 29-may, Ostona sh.)
Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich!
Hurmatli davlatlar va delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalo, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga anʼanaviy samimiy qabul va mehmondo‘st Ostona shahrida uchrashuvimizni yuksak darajada tashkil etgani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Jahon iqtisodiyotida keng ko‘lamli texnologik transformatsiya jarayoni kechayotgan bir davrda Qozog‘istonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi samarali raisligini alohida qayd etmoqchiman.
Sammitimiz arafasida sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan beshinchi Yevroosiyo iqtisodiy forumi ochilgani ramziy maʼnoga egadir. Bugungi kunda aynan raqamli texnologiyalar, zamonaviy logistik yechimlar va sanoat kooperatsiyasi ko‘p jihatdan davlatlarning raqobatdoshligi, bozorlar barqarorligi va milliy iqtisodiyotlarning tashqi xatarlarga munosib javob qaytara olish qobiliyatini belgilamoqda.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston uchun YEOII mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish tashqi iqtisodiy siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda bizning YEOII davlatlari bilan o‘zaro hamkorligimiz kompleks iqtisodiy sheriklik tusini oldi. O‘zaro savdo hajmi o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi chuqurlashmoqda, logistik aloqalar mustahkamlanmoqda, raqamli iqtisodiyot, energetika va xizmatlar sohasida yangi yo‘nalishlar shakllanmoqda.
O‘zbekiston Ittifoqning barcha asosiy tadbirlarida faol ishtirok etmoqda. Joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirishni yakuniga yetkazmoqdamiz. O‘zbekiston hukumati Qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi majlisini joriy yilning kuz faslida Toshkent shahrida o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning doirasida keyingi davr uchun mo‘ljallangan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilishni taklif etamiz.
Yaqinda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Savdo va yuk tashuvlarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish va iqlim borasida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tarmoq dasturlarida ishtirokimizni davom ettirmoqdamiz.
Toshkent shahrida Yevroosiyo taraqqiyot bankining mamlakat ofisini ochdik, birgalikda muayyan loyihalar portfeli shakllantirildi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
YEOII bilan hamkorligimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qisqacha ko‘rsatib o‘tmoqchiman.
Birinchi. O‘zbekiston va YEOII davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga kirishishni muhim deb hisoblaymiz.
Bu yerda so‘z elektron tijoratni rivojlantirish va uni tartibga solish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati sohalarida raqamli maʼlumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash, shuningdek, elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish haqida bormoqda.
Shuningdek, raqamli tranzitni joriy etish, kuzatuv tizimlariga ulanish hamda o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish orqali “aqlli” transport-bojxona yo‘laklarini yaratish ishlariga kirishish maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasi rivojiga yangi turtki berish muhimdir.
Biz biznesning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologik sheriklik va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Buni joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan oltinchi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi ham tasdiqlaydi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi dasturini tayyorlashda mazkur ko‘rgazma salohiyatidan foydalanishni taklif etamiz. Sanoat avtomatizatsiyasi va robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari va boshqa sohalarni istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etish mumkin.
O‘zbekistonda kooperatsiya bo‘yicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalarimiz negizida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga ko‘maklashadigan qo‘shma loyiha ofisini tashkil etishga tayyormiz.
YEOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz.
Uchinchi. Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sig‘imini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” transformatsiya qilish qo‘shma dasturini qabul qilishni taklif etamiz.
Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda.
Qo‘shma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, ularni moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan o‘rin olishi mumkin.
To‘rtinchi. Bandlik bo‘yicha milliy elektron xizmatlarni o‘zaro bog‘lash orqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni dolzarb deb hisoblaymiz.
Bu yerda so‘z fuqarolarning ishonchli bo‘sh ish o‘rinlari, ishga joylashish shartlari hamda migratsiya qonunchiligi normalari haqidagi maʼlumotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishini taʼminlaydigan qulay va yaxlit raqamli muhitni shakllantirish haqida bormoqda. Bu bir paytning o‘zida mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, xodimlarning malakasini oshirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi.
Beshinchi. Bugungi kunda turizm madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligimizning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Biz “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusini ilgari surdik. YEOII mamlakatlarini unda ishtirok etish va mazkur turistik yo‘nalishni ommabop raqamli platformalarda birgalikda targ‘ib qilishga taklif etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
So‘zimning yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga intilishimiz qatʼiyligini yana bir bor tasdiqlamoqchiman.
O‘zbekistonning yuqorida qayd etilgan qo‘shma tashabbus va loyihalarda ishtirok etishi o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash hamda davlatlarimizning barqaror rivojlanishiga ko‘mak berishiga ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




