O‘zbekiston–Pokiston savdosi uchun yangi tranzit imkoniyatlari muhokama qilindi
Noyabr 08, 2026. 12:30 • 2 daq
• 39
ISLOMOBOD, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Maxsus investitsiyalarga ko‘maklashish kengashi (SIFC) bosh direktori Sajid Amin bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi, SIFCning investitsiya va sanoat loyihalariga mas’ul vakillari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika sohasidagi mavjud muammolarni hal etish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy transport yo‘lagining yopilishi natijasida o‘zaro savdo hajmining keskin qisqarishi va ushbu muammoni hal etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Pokistonning Peshovar–Torxam yo‘nalishidan Afg‘oniston hududi orqali Termiz shahrigacha maxsus savdo-tranzit koridorini tashkil etish va yuk tashishni alohida nazorat mexanizmlari asosida amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Mazkur taklifni amaliy jihatdan muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi hamda Pokistonning tegishli idoralari ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazish taklif qilindi.
Pokiston tomoni joriy cheklovlar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqayotganini bildirib, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan maxsus tranzit koridorini tashkil etish taklifini amaliy jihatdan maqbul tashabbus sifatida baholadi.
Uchrashuv davomida Pokistonning yirik qurilish kompaniyalarini Yangi Toshkent shahri loyihasiga jalb etish va shu yil Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yangi O‘zbekiston global bozorlar chorrahasida” xalqaro biznes-forumida Pokiston ishbilarmon doiralari vakillarining ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Pokiston tomoniga Yangi Toshkent shahri loyihasining investitsiyaviy imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
SIFC rahbariyati mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, moliyaviy jihatdan salohiyatli va ishonchli Pokiston kompaniyalarini Yangi Toshkent loyihasiga hamda xalqaro biznes-forumga jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Muloqot davomida Pokistonda O‘zbekiston kompaniyalarining ishlab chiqarish va logistika obyektlarini tashkil etish, shuningdek, Karachi shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “FoodAg–2026” xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Ikki davlat markaziy banklari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Pokiston aviakompaniyalarini Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi