Londonda o‘zbekistonlik mahoratli ijodkor Abror Zufarov ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
Oktabr 18, 2026. 11:30 • 2 daq
• 167LONDON, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi hamda Britaniyaning “Maqām Beyond Nation” loyihasi hamkorligida taniqli maqom xonandasi va sozanda Abror Zufarov ishtirokida konsert dasturi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
London universitetining Sharq va Afrikashunoslik maktabida (SOAS) tashkil etilgan tadbirda oliy o‘quv yurtining professor-o‘qituvchilari, talabalari va xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida o‘zbek milliy musiqasi va maqom san’atining tarixi, uning ilmiy-nazariy asoslari, ijroviy an’analari hamda Sharq musiqiy madaniyatidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Abror Zufarov tomonidan o‘zbek mumtoz musiqasining noyob namunalari, maqom asarlari va milliy cholg‘u asboblari yuksak mahorat bilan ijro etildi.
Konsert davomida SOAS universiteti professori, etnomusiqashunoslik sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan, Xitoy va Markaziy Osiyoning nomoddiy madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy ishlar muallifi Reychel Xarris mazkur san’at yo‘nalishining ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Mazkur tadbir xalqaro madaniy va akademik hamkorlikni mustahkamlash, o‘zbek milliy musiqasini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Uchrashuv yakunida SOAS universiteti va O‘zbekiston san’at vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


