Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi

May 21, 2026. 16:25 • 2 daq

6
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi
Londonda “Uzbekistan Investor Day” biznes-forumi o‘tkazildi

LONDON, 21-may. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyadagi mashhur “J.P. Morgan” banki bosh ofisida “O‘zbekiston investorlari kuni” (“Uzbekistan Investor Day”) biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forumda Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF), London fond birjasi, “TheCityUK”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), “Franklin Templeton”, “Dentons”, “Baker McKenzie”, “Norton Rose Fulbright” kabi yirik investitsiya va yuridik kompaniyalar, “Fitch”, “Moody‘s”, “S&P Global” singari yetakchi xalqaro reyting agentliklari hamda “Thomson Reuters” mediaxoldingi vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank rahbariyati, davlat ulushiga ega 20 dan ortiq yirik bank va kompaniyalar, jumladan, “O‘zmilliybank”, “Aloqabank”, “Agrobank”, “Xalq banki”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Navoiyuran”, “Uzbekistan Airports” hamda “O‘zmetkombinat” rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, transformatsiya jarayonlari, sarmoyadorlarga xolisona va to‘liq maʼlumot taqdim etish, yirik investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan kelishuvlar bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.

Biznes-forumda Buyuk Britaniya Bosh vazirining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili Jon Olderdays ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar surʼati va ko‘lami xalqaro moliya bozori tomonidan yuqori baholanayotganini taʼkidladi.

Forum doirasida panel muhokamalari ham tashkil etildi. Unda milliy iqtisodiyotning global xavf-xatarlarga bardoshliligi, Milliy investitsiya jamg‘armasining (“UzNIF”) “IPO” jarayonlari va xalqaro yevrobondlar chiqarilishi mamlakat kapital bozori rivojidagi tarixiy bosqichlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shu bilan birga, yirik korxonalarni xususiylashtirish, davlat aktivlarini boshqarishda korporativ transformatsiya usullarini joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tadbir jarayonida xorijiy investorlar va O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari o‘rtasida B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazilib, qator istiqbolli hamkorlik bitimlari imzolandi. O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida tashkil etilgan norasmiy muloqot va “networking” sessiyasi ham yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish