Misr matbuoti: O‘zbekiston jahon hamjamiyatini madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash atrofida birlashtirmoqda

Noyabr 06, 2026. 18:30 • 2 daq

• 26
Misr matbuoti: O‘zbekiston jahon hamjamiyatini madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash atrofida birlashtirmoqda

QOHIRA, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “See.news” axborot portalida “YUNЕSKO Ijroiya kengashi O‘zbekistonning madaniy merosni himoya qilish borasidagi tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Parijda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasida globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlab qolish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning qaror loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilgan 43-sessiyasida ilgari surilgan edi.

Maqolada ta’kidlanganidek, mazkur hujjat madaniy merosni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va urbanizatsiya ta’siridan himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, xavf-xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish hamda tajriba almashishni kengaytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, 2027-yilda Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazish taklifi ma’qullangani hamda uning yakunlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlanishi rejalashtirilgani alohida qayd etilgan.

Portal qaror loyihasiga Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari boshchiligidagi 54 ta mamlakat hammualliflik qilganiga urg‘u qaratgan. Delegatsiyalar ushbu taklifning g‘oyat dolzarb va YUNЕSKO ustuvor yo‘nalishlariga to‘la mos ekanini e’tirof etib, O‘zbekistonning simpoziumni Xivada qabul qilishga tayyorligini tajriba almashish va umumiy yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim imkoniyat sifatida baholaganlar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish