O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Moskvada namoyish etildi

Sentabr 05, 2026. 21:00 • 2 daq

67
O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Moskvada namoyish etildi

MOSKVA, 5-sentabr. / “Dunyo” AA/. Rossiyadagi “Videniye 3000” xalqaro munozara klubi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekistonning boy turizm salohiyati va mehmondo‘stlik anʼanalari namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Moskva millatlar uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizning boy madaniy merosi, ochiqlik siyosati, rivojlangan infratuzilmasi hamda turizmning jozibador turlari bilan yaqindan tanishdi.

Anjumanda joriy yil avgust oyida Xiva shahrida o‘tkazilgan “Qovun sayli” festivalining Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani alohida eʼtirof etildi.

Muloqotda 2026-yilning 7 oyi davomida Rossiyadan kelgan sayyohlar statistikasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar, vizasiz tartib, til to‘sig‘ining yo‘qligi hamda ziyorat va gastronomik turizm imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.

Qatnashchilarga shu yilning 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi haqida batafsil maʼlumot berilib, targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” tomonidan suratga olingan yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va yurtimizning sayyohlik maskanlari aks etgan videoroliklar namoyish etildi.

Tadbir yakunida Rossiya hududlari, sayyohlik kompaniyalari va OAV vakillari bilan yangi loyihalarni amalga oshirish hamda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish