Isroildagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Iyun 20, 2026. 12:30 • 2 daq
• 101
TЕL-AVIV, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Isroilda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ishtirokchilarga Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berildi.
Shu bilan birga, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga taqdim etilayotgan imtiyozlar hamda oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda va xorijdagi vatandoshlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar, o‘zbek tili va adabiyotini targ‘ib etish, milliy madaniy merosni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bekning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida vatandoshlarning mehnat va turmush sharoiti, ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanishi, turar joy bilan ta’minlanishi kabi masalalar o‘rganildi. Isroil hududida qonuniy bo‘lish uchun zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilariga mehnat munosabatlari, tibbiy sug‘urta, shaxsiy xavfsizlik hamda diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siridan ehtiyot bo‘lish masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv yakunida elchixona tomonidan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan konsullik xizmatlari haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, konsullik masalalarini tezkor va masofadan turib hal etish imkonini beruvchi “Consular Services” mobil ilovasidan foydalanish tartibi tushuntirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi