O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistondagi Xalqaro Issiqko‘l forumida ishtirok etdi

Iyun 20, 2026. 11:31 • 2 daq

24
O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistondagi Xalqaro Issiqko‘l forumida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistondagi Xalqaro Issiqko‘l forumida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistondagi Xalqaro Issiqko‘l forumida ishtirok etdi

CHO‘LPON-OTA, 20-iyun. /«Dunyo» AA/. Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida buyuk adib va davlat arbobi Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan 40 yil avval asos solingan Xalqaro Issiqko‘l forumining yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, “Dunyo sivilizatsiyaviy burilish davrida: kelajak sari birgalikda” mavzusida tashkil etilgan anjumanda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlar delegatsiyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Forumning panel sessiyasida Sodiq Safoyev o‘z so‘zida bugungi dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar va ma’naviy sinovlar davrini boshdan kechirayotganini ta’kidladi. Chingiz Aytmatovning insonparvarlik, tarixiy xotira va madaniyatlararo muloqot haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani qayd etildi.

Markaziy Osiyoda keyingi yillarda shakllangan o‘zaro ishonch muhiti, mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi hamda parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqa hamkorlik va umumiy taraqqiyot makoniga aylanib bormoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo xalqlarini mushtarak tarix, madaniyat va qadriyatlar birlashtirib turishi, mintaqaviy o‘zlikni mustahkamlash esa bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish