Malayziyada ochilgan logistika markazi O‘zbekiston uchun yangi tranzit imkoniyatlar yaratadi

Iyun 20, 2026. 13:30 • 2 daq

101
Malayziyada ochilgan logistika markazi O‘zbekiston uchun yangi tranzit imkoniyatlar yaratadi

KUALA-LUMPUR, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ushbu mamlakatning Perlis shtatidagi Padang Besar tumanida quruqlik porti logistika markazining rasmiy ochilish marosimida qatnashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu Sulton Sayid Sirajuddin nomidagi Perlis erkin iqtisodiy zona Malayziya–Tailand chegarasi yaqinida barpo etilgan. Tantanali marosimda nutq so‘zlagan Perlis shtati Sultoni Sayed Sirajuddin Sayed Jamalullayl mazkur yirik loyihaning ishga tushirilishini Malayziyani mintaqaviy savdo va logistika darvozasiga aylantirishga qaratilgan strategik qadam deb baholadi.

Malayziya transport vaziri Loke Siou Fuk esa ushbu obyektni ASЕAN mintaqasini Yaqin Sharq va Yevroosiyo bilan bog‘lovchi asosiy quruqlikdagi savdo darvozasi deb ta’rifladi hamda mazkur xabning Malayziya ikki yo‘nalishli temir yo‘l magistrali orqali Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatlariga alohida to‘xtaldi.

Loyiha ijrochisi hisoblangan “Mutiara Perlis Sdn Bhd” kompaniyasi ijrochi raisi Shabaruddin Ibrahimning ta’kidlashicha, yangi logistika markazi O‘zbekistonning Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirishda muhim tranzit nuqtasi vazifasini o‘taydi.

Mazkur quruqlik porti Markaziy Osiyoni ASЕAN mintaqasi bilan bog‘laydigan Trans-Osiyo temir yo‘l koridori tarmog‘ining uzviy qismi sifatida faoliyat yuritadi. Mazkur yo‘lak orqali O‘zbekiston mahsulotlari Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga an’anaviy dengiz transportiga qaraganda 30–40 foiz tezroq va arzonroq narxlarda yetkazib beriladi.

Shu munosabat bilan, kompaniya rahbari port hududida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ikki tomonlama yuk oqimiga xizmat qiluvchi maxsus konteyner terminalini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Umumiy maydoni 202,3 gektarni tashkil etuvchi Perlis quruqlik porti qurilishiga jami 250 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Logistika markazi dastlabki bosqichda yiliga 600 ming konteynerni (TEU) o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 2 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan ushbu yirik xab O‘zbekiston mahsulotlarining Janubi-Sharqiy Osiyo bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish