Rossiyada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida so‘z yuritildi
Iyul 24, 2026. 09:30 • 2 daq
• 72
OMSK, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Omsk viloyati Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida O‘zbekistondagi zamonaviy islohotlar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijalari va mamlakatimizning xalqaro maydonda ortib borayotgan roliga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar davlat va jamiyat rivojlanishining deyarli barcha asosiy sohalarini qamrab olmoqda. Aholi turmush sifatini oshirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maqolaning alohida bo‘limi mahalla institutini rivojlantirishga bag‘ishlangan. Amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy bazasini mustahkamlash, mahalliy tashabbuslar, aholi bandligi va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutishi taʼkidlangan.
Mualliflar, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishga izchil tayyorgarlik ko‘rayotganiga eʼtibor qaratgan. Milliy qonunchilikni xalqaro normalarga muvofiqlashtirish, savdo tartib-taomillarini liberallashtirish va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mamlakatning jahon iqtisodiyotiga yanada integratsiyalashuviga xizmat qilayotgani taʼkidlanadi.
Bundan tashqari, rossiyalik o‘quvchilarga O‘zbekistonning oliy taʼlim sohasida erishgan yutuqlari taqdim etilgan. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining “THE Sustainability Impact Ratings 2026” xalqaro reytingida muvaffaqiyatli ishtirok etgani taʼlim va ilmiy faoliyat sifatining ortib borayotganidan, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shayotgan hissasidan dalolat berishi qayd etilgan.
Materialda, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini yuqori baholagan fikrlari keltirilgan. Uning fikricha, davlat boshqaruvini izchil modernizatsiya qilish, ochiq iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni faollashtirish va o‘zgarishlarni amalga oshirishda inson markazli yondashuv Yangi O‘zbekiston tajribasini ommabop va ko‘plab davlatlar uchun amaliy qiziqish uyg‘otadigan darajaga olib chiqdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi