Samarqandda IHTning atrof-muhit bo‘yicha oltinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Iyun 03, 2026. 18:25 • 3 daq
• 32SAMARQAND, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Samarqandda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ning atrof-muhit bo‘yicha oltinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joyidan.
Tadbir “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilib, unda tabiatni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda IHTga a’zo davlatlar ekspertlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda IHTga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kotibiyati rahbariyati hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov IHTga a’zo davlatlar ekologiya vazirlari so‘nggi 12 yilda ilk bor zamonaviy ekologik muammolarni hal etishga doir kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun to‘planganini qayd etdi.
Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, qo‘shma ekologik tashabbuslarni ilgari surish, bilim va ilg‘or tajriba almashish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Milliy qo‘mita raisi so‘zlariga ko‘ra, ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan IHTning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Ekologik hamkorlik bo‘yicha hadli dasturi, iqlim va bioxilma-xillik bo‘yicha ishchi dasturlar hamda Samarqand deklaratsiyasi mintaqaviy ekologik sheriklikning yangi bosqichiga asos bo‘ladi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar IHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, tabiat resurslaridan barqaror foydalanish va yerlar degradatsiyasining oldini olish sohasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi. Cho‘llanishga qarshi kurashish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, o‘rmonlarni barqaror boshqarish hamda qum va chang bo‘ronlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomoni mintaqaviy ekologik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat o‘zaro ishonch, mintaqaviy hamkorlik va umumiy ekologik muammolarni birgalikda hal etish tamoyillarini izchil ilgari surayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekistonning yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish sohasidagi tashabbuslariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Green University” – Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qoshidagi Cho‘llanish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati, ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar almashinuvi va qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish sohasida IHT mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar barpo etishni rivojlantirishga qaratilgan IHTga a’zo davlatlarning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan transchegaraviy “Yashil dastur”ini ishlab chiqish tashabbusi taqdim etildi. Shuningdek, IHTning Ekologik hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi platformasi doirasida qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirishning mintaqaviy tizimini rivojlantirish taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar IHTning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Ekologik hamkorlik bo‘yicha hadli dasturi va uning tematik ilovalarini, jumladan, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillik bo‘yicha ishchi dasturlarni ma’qulladi. Shuningdek, mintaqaviy ekologik hamkorlik to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi







