Toshkentda “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” tahlil markazlari forumi o‘tkazildi
Sentabr 17, 2026. 20:30 • 2 daq
• 11
LONDON, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” formatida tahlil markazlari forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, ilk bor o‘tkazilgan ushbu tadbir Xalqaro Markaziy Osiyo instituti hamda Britaniyaning “Overseas Development Institute” (ODI Global) muassasasi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda “Chatham House”, Oksford, Kembrij, Nyukasl va Sasseks universitetlari, Britaniyaning kritik minerallar sohasidagi ekspertlari, Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning yetakchi tahlil markazlari, diplomatik va biznes doiralari vakillari ishtirok etdi.
Muloqotlar doirasida transport-tranzit bog‘liqligini rivojlantirish, kritik minerallar, investitsiyaviy ishonch va moliyaviy barqarorlik, taʼlim va kasbiy ko‘nikmalar, xavfsiz mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi.
Forumning muhim jihati – ekspertlik salohiyatini amaliy qarorlar bilan bog‘lashga qaratilganidadir. Tadbir Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya tahlil markazlari o‘rtasida muntazam muloqot, qo‘shma tadqiqotlar va yangi amaliy tashabbuslar uchun asos yaratdi.
Mazkur forumning o‘tkazilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va tashqi sheriklar bilan konstruktiv ekspert muloqotini rivojlantirish borasidagi faol yondashuvini ham namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi