Logo

Qozog‘iston Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan “yashil” energetika bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qildi

Aprel 29, 2026. 19:30 • 2 daq

218
Qozog‘iston Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan “yashil” energetika bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qildi

OSTONA, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston Prezidenti Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan “yashil” energiya ishlab chiqarish hamda uzatish sohasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kazinform” xalqaro axborot agentligi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu bitim 2024-yil 13-noyabr kuni Boku shahrida uch davlat rahbarlari tomonidan imzolangan.

Kelishuv doirasida ekologik toza vodorod va ammiakni ishlab chiqarish hamda savdosini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishonchli transchegaraviy uzatish uchun yagona texnik va maʼmuriy shart-sharoitlarni shakllantirish nazarda tutilgan.

Bitimga ko‘ra, tomonlar “yashil” elektr energiyasini barqaror uzatishning texnik va tijoriy shartlarini belgilaydi, yangi energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etadi hamda Yevropa va boshqa mintaqalarga energiya eksporti uchun infratuzilmani rivojlantiradi. Bu borada ichki elektr tarmoqlarini kengaytirish va “Black Sea Energy” Qora dengiz osti elektr uzatish tarmog‘iga ulanish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilgan.

Ushbu hujjatda axborotning maxfiylik rejimi hamda nizolarni maslahatlashuv va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish tartibi ham belgilab qo‘yilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish