O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar uchun QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yildi

Iyul 14, 2026. 15:30 • 2 daq

O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar uchun QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yildi

TOSHKENT, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida xorijiy fuqarolar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (Tax Free) qaytarish tizimi joriy etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yangi tizim sayyohlarga mamlakat hududida xarid qilingan tovarlar uchun QQSni qaytarib olish imkonini beradi. Mablag‘lar naqd pul shaklida yoki bank kartasiga o‘tkazish orqali qaytarilishi mumkin. Naqd pulsiz shakl tanlanganda, mablag‘lar tovar mamlakatdan olib chiqilgandan so‘ng 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.

QQSni qaytarish mumkin bo‘lgan eng kam xarid summasi 300 000 so‘mni (QQS bilan birga) tashkil etadi. Bunda xorijiy fuqarolarga soliq summasining 85 foizi qaytariladi, qolgan 15 foizi esa “Tax Free” tizimi operatori xizmatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Mazkur tizimning joriy etilishi O‘zbekistonning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini yana-da oshirishi, chakana savdo hajmini kengaytirishi hamda turizm sohasining izchil rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kelgusida tizimni bosqichma-bosqich kengaytirish, uni aeroportlardan tashqari temir yo‘l vokzallari va chegara bojxona postlarida ham joriy etish, shuningdek, chakana savdo nuqtalarining kengroq qamrovini taʼminlash ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, jarayonni soddalashtirish maqsadida uni raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun zamonaviy axborot texnologiyalari va mobil yechimlardan keng foydalanish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish