“Korea Times” gazetasi O‘zbekistonni har qanday mavsumda dam olish uchun ideal yo‘nalish sifatida tavsiya etmoqda

Iyul 10, 2026. 16:30 • 2 daq

162
“Korea Times” gazetasi O‘zbekistonni har qanday mavsumda dam olish uchun ideal yo‘nalish sifatida tavsiya etmoqda

SEUL, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Korea Times” gazetasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning yangi turizm markaziga aylanayotganiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning qayd etishicha, O‘zbekiston nafaqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlari, balki purviqor tog‘lari, o‘ziga xos cho‘llari, ko‘llari va yashil bog‘lari bilan ham dunyo sayyohlari uchun jozibador o‘lka hisoblanadi.

Maqolada mamlakatimizda 95 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasi tubdan takomillashtirilayotgani islohotlarning yuksak surʼatlarda amalga oshirilayotganidan dalolat berishi eʼtirof etilgan. Bugungi kunda yurtimizda 7 mingdan ortiq mahalliy mehmonxona hamda 30 ga yaqin yirik xalqaro mehmonxona brendi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Janubiy Koreya nashri raqamlarga alohida eʼtibor qaratgan. Unda taʼkidlanishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, turizm xizmatlari eksporti 4,8 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Shu bois, mamlakatning yangi qabul qilingan “Turizmni rivojlantirish strategiyasi – 2030” dasturi doirasida xorijlik sayyohlar oqimini 20 million nafarga yetkazish vazifasi belgilangan.

Materialda Amirsoy, Chimyon, Zomin milliy bog‘lari, Chorvoq va Orolbo‘yi hududlarining ekoturizm imkoniyatlari bilan birga “Sharq taronalari”, “Ipak va ziravorlar”, Namangan xalqaro gullar festivali kabi yirik madaniy tadbirlar xalqaro miqyosda tan olingani haqida ham so‘z yuritilgan.

Maqola yakunida Janubiy Koreya fuqarolari uchun O‘zbekiston boy madaniy meros, go‘zal tabiat, milliy anʼanalar va zamonaviy infratuzilmani o‘zida mujassam etgan xavfsiz hamda jozibador turistik yo‘nalish sifatida tavsiya etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish