O‘zbek alifbosining yangi shaklida Ö, Ğ, Ş, Ç harflari joriy etildi
Oktabr 22, 2026. 13:00 • 2 daq
• 89
TOSHKЕNT, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yangi alifbo rasman e’lon qilinganidan keyin olti oy o‘tib, ya’ni 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi. Qonunga muvofiq, amaldagi alifbodagi to‘rtta harf birikmasi va belgisi o‘zgartiriladi.
Qonun quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:
O‘ o‘ → Ö ö
G‘ g‘ → Ğ ğ
Sh sh → Ş ş
Ch ch → Ç ç
“Ng” harf birikmasi mustaqil harf sifatida alifbodan chiqariladi. Tutuq belgisi (') esa alifboda saqlanib qoladi. Natijada yangi alifbo 28 ta harf va apostrofdan iborat bo‘ladi.
O‘zgarishlarning asosiy maqsadi – o‘zbek yozuvidagi mavjud noqulayliklarni bartaraf etish, imloni soddalashtirish va o‘zbek tilining raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu islohotni uzoq yillar davomida muhokama qilingan masalaning yechimi sifatida baholab, uni tilning mavqei va yoshlar savodxonligini oshirish bilan bog‘ladi.
Qonunning kuchga kirishi alifbodagi o‘zgarishlar barcha hujjat va buyumlarda bir vaqtning o‘zida joriy etilishini anglatmaydi. Avvalgi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi. Darsliklar, peshlavhalar, yo‘l ko‘rsatkichlari va boshqa materiallar esa yaroqlilik muddati tugagach yoki belgilangan dastur asosida bosqichma-bosqich almashtiriladi.
Amaldagi o‘zbek tili uchun lotin alifbosi 1993-yilda joriy etilgan, 1995-yilda esa unga qator o‘zgartishlar kiritilgan. Lotin yozuviga to‘liq o‘tish rejasi belgilangan muddatda amalga oshmagani sababli, mamlakatda bugunga qadar kirill va lotin yozuvlaridan foydalanib kelinmoqda.
Yangi qonun alifboni birxillashtirish va zamonaviy raqamli muhitga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi