AQSHda o‘zbek ijodkorining ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda
May 22, 2026. 11:25 • 3 daq
• 4
VASHINGTON, 22-may. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi nufuzli madaniy muassasalardan biri – Smitson institutining Osiyo milliy sanʼati muzeyida taniqli o‘zbek rassomi va rejissyori Saodat Ismoilovaning “Quyoshga singib ketgan” nomli ilk ko‘rgazmasi namoyish qilinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Vatandoshimizning ushbu ko‘rgazmasida videoinstallyatsiyalar, fotosuratlar va muzeyning tarixiy kolleksiyalaridan tanlangan noyob eksponatlar o‘rin olgan. Ekspozitsiya tomoshabinlarga Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy xotirasi va zamonaviy badiiy qarashlari bilan tanishish imkonini beradi.
Muzey direktori Cheyz Robinsonning taʼkidlashicha, Saodat Ismoilova ijodi shaxsiy xotira va tarixiy voqealarni uyg‘unlashtirib, tarixga boshqacha nazar tashlashga undaydi. Uning fikricha, mazkur ko‘rgazma Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatini kengroq targ‘ib qilishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Ko‘rgazmada “18,000 Worlds” (“18 ming olam”) videosi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Unda 1920-yillarga oid Markaziy Osiyo arxiv kadrlari Qozog‘istondagi kosmik majmua va O‘zbekistondagi yirik quyosh pechi tasvirlari bilan uyg‘unlashtirilgan. Asarda mintaqa tarixi va zamonaviy taraqqiyoti o‘rtasidagi bog‘liqlik taʼsirchan uslubda aks etgan.
“Her Right” (“Uning haqqi”) asari esa o‘zbek ayollarining erkinlik va huquqlar uchun kurashiga bag‘ishlangan. Unda eski o‘zbek filmlari kadrlari zamonaviy musiqiy kompozitsiyalar bilan birlashtirilgan.
Ko‘rgazmaning asosiy installyatsiyasi bo‘lgan “Melted into the Sun” filmi VIII asrda yashagan va “Niqobli zot” nomi bilan mashhur bo‘lgan Al-Muqanna obrazini zamonaviy talqinda namoyon qiladi. Asarda tarixiy vayronalar va industrial manzaralar orqali tarix, mifologiya va bugungi sivilizatsiya o‘rtasidagi munosabatlar yoritilgan.
“The Letters” (“Maktublar”) turkumida esa rassom oila aʼzolari portretlarini sheʼrlar, diniy matnlar va turli tillardagi shaxsiy fikrlar bilan uyg‘unlashtirgan. Bu ishlar inson xotirasi, avlodlar davomiyligi va madaniy meros mavzularini chuqur ochib beradi.
Ko‘rgazma uchun muzey kolleksiyasidan XIX asrga oid noyob o‘zbek matosi ham tanlab olingan. Ular o‘zbek amaliy sanʼatining yorqin namunasi sifatida namoyish etilmoqda.
1981-yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan Saodat Ismoilova hozirda Parij va Toshkent shaharlarida ijod qiladi. U Toshkent davlat sanʼat instituti va Fransiyadagi Zamonaviy sanʼat milliy studiyasini tamomlagan. 2021-yilda u Markaziy Osiyo zamonaviy sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan “Davra” platformasiga asos solgan.
U 2022-yilda Venetsiya biyennalesi hamda xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etgan. Shuningdek, bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Bugungi kunda uning asarlari “Tate Modern”, “Centre Pompidou”, “Victoria”, “Albert” kabi dunyoga mashhur muzey va galereyalar kolleksiyalaridan o‘rin olgan.
Tahlilchilar fikricha, mazkur ko‘rgazma nafaqat o‘zbek zamonaviy sanʼatining xalqaro nufuzini oshiradi, balki Markaziy Osiyoning boy madaniy merosi va zamonaviy badiiy tafakkurini jahon jamoatchiligiga kengroq tanitishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




