Jahonning ikkinchi eng kichik mamlakatida ilk bor terakt sodir etildi
Iyun 30, 2026. 18:15 • 2 daq
• 76
MONAKO, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Vatikandan keyingi eng kichik davlat hisoblangan Monakoda mamlakat tarixidagi ilk terrorchilik harakati sodir etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Fransiyaning “Le Figaro” gazetasiga tayanib.
29-iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:15da (Toshkent vaqti bilan 00:15da) Monakoda portlash yuz berdi. Rasmiylarning maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida uch kishi – ikki nafar katta va bir bola jabrlangan. Shuningdek, beshta avtomobilga zarar yetgan.
Xabarlarga ko‘ra, videokuzatuv kameralari bir erkakning ryukzakni turar joy binosi yo‘lagida qoldirib, so‘ng knyazlik hududidan Fransiya tomondagi Bosoley shahri yo‘nalishida piyoda chiqib ketganini qayd etgan.
Jinoyatchining shaxsi hozircha aniqlanmagan, uni qidirishga 40 ga yaqin fransuz jandarmi va ikkita vertolyot jalb etilgan. Knyazlik bilan chegarada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Monako davlat vaziri (hukumat rahbari) Kristof Mirman ushbu voqeani terakt va knyazlik tarixidagi birinchi shunday hodisa deb atadi.
Monako knyazi Albert II ham mamlakat tarixidagi ilk teraktni qoralab, jamoat xavfsizligi kuchlarining “yuqori darajadagi ishini” qayd etdi hamda hodisadan jabr ko‘rganlar va jabrlangan mahalliy aholiga hamdardlik bildirdi.
Biroq gazeta tergoviga yaqin manbaning xabar berishicha, tergov endi terakt versiyasini asosiy deb hisoblamayapti va jinoyatni boshqacha tasniflashi mumkin.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi