O‘zbekiston Prezidenti: Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qizimiz chetda qolmasligi kerak

Iyun 30, 2026. 16:50 • 8 daq

5
O‘zbekiston Prezidenti: Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qizimiz chetda qolmasligi kerak

TOSHKENT, 30-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti so‘zining avvalida yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.

– Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz, – dedi Prezidentimiz.

So‘nggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligi, taʼlimi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanib, vazirlik va idoralar yoshlar muammolarini o‘rganish hamda ularga yechim topishga safarbar etildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammosi hal qilindi. Yosh tadbirkorlar soni 5 karra ko‘payib, 287 mingdan oshdi. Xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Davlatimiz rahbari bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning ustunligi, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganiga eʼtibor qaratdi.

– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga daʼvat etdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga ham to‘xtaldi. Futbolchilarimiz kuchli raqiblar bilan o‘yinlar orqali katta tajriba orttirgani, Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning jahon chempionatidagi ilk gollari xalqimizga quvonch bag‘ishlagani taʼkidlandi.

– Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz aʼzolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan eʼtiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim, – dedi Prezidentimiz.

Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun bolalar futboliga eʼtibor kuchaytirilib, futbol umummilliy harakatga aylantirilishi, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi qayd etildi.

Prezidentimiz yoshlarning hayotda munosib o‘rin topishi uchun bilim, kasb va texnologiyani eng muhim tayanch sifatida ko‘rsatdi.

Shu maqsadda har yili 500 ming nafar o‘g‘il-qizni zamonaviy kasbga o‘qitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv markazlari tashkil etish istagidagi yoshlarga yer va davlat obyektlari imtiyozli shartlarda beriladi, zarur infratuzilma davlat hisobidan yaratiladi, markazlarni qurish va jihozlash uchun kredit stavkasi kompensatsiya qilinadi.

Qo‘lida kasbi bor, lekin yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. Har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga xususiy o‘quv markazlarida kasb egallashi uchun bepul vaucher beriladi. Shu yilning o‘zida bu tizim uchun 120 milliard so‘m ajratiladi.

Texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki kengaytirilib, litsenziya talablari soddalashtiriladi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti ajratiladi. Xalqaro kasb tanlovlari g‘oliblari va ularning ustozlari pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Xorijiy tillarni mukammal biladigan 650 mingdan ziyod yoshlar salohiyatidan mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, turizm va eksport imkoniyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Shu maqsadda “raqamli kontent” platformasi ishga tushirilib, har yili 20 milliard so‘mdan ajratiladi.

Xorijda taʼlim olayotgan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ham yangi tizim yaratiladi. Yetakchi xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan 14 mingdan ortiq yigit-qiz taʼtil davrida yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarni xususiy sektor buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qitish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentimiz oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanishini eʼlon qildi. Bu 200 mingga yaqin bitiruvchini ishga joylashtirish uchun muhim rag‘bat bo‘ladi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. “Ustoz – talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarga ko‘maklashgan talabalar ham rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Bu dasturlar uchun 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish imkonini beradigan Yoshlar xablari tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.

Davlat boshqaruvida yoshlarga ishonchni kuchaytirish maqsadida 5 ta yo‘nalishda “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. G‘oliblar mukofotlanib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi. Har bir vazirlik va tarmoq o‘z yo‘nalishida iqtidorli yoshlarni tanlab, xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi. Yiliga 2 ming nafar yoshni shunday stajirovkalarga yuborish rejasi ishlab chiqiladi.

Yoshlarni rag‘batlantirish va yagona maqsad atrofida birlashtirish uchun “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Unda yoshlarning taʼlim, kasb, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatidagi natijalari baholanadi. Yuqori natijaga erishganlarga grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri, imtiyozli kredit, xorijiy stajirovka, kadrlar zaxirasiga kirish va ipoteka bo‘yicha imkoniyatlar beriladi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda Bank-moliya akademiyasi “aql markazi” sifatida belgilanadi. Akademiya tinglovchilari hududlarda tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi esa ularni qulay shartlarda yoshlarga taklif qiladi. Jamg‘arma yuqori daromad va ko‘plab ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi. Bu tizim kamida 300 ming nafar yoshga o‘z biznesini boshlash uchun yo‘l ochadi.

Innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilandi.

– Biz 2030 yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshgani, 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘lgani qayd etildi. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi. Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi 100 ta eng yaxshi loyihaga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasida yoshlar uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratiladi. “Raqamli hukumat” markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi, kelgusi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi. Joriy yilda 20 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar ushbu imkoniyatlardan bepul foydalanib, hudud va tarmoqlardagi muammolarga yechimlar ishlab chiqadi.

Yangi AT parklar barpo etilishi hisobidan 20 mingdan ziyod yigit-qiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi. “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xaridi uchun yordam ko‘rsatiladi.

AT va sunʼiy intellekt yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun “dual taʼlim” kengaytiriladi. “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi hamda iqtidorli qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi taʼsis etiladi. Xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga berilayotgan 1 milliard so‘mlik rag‘bat sunʼiy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham tatbiq qilinadi.

Yoshlar qalbida milliy ruhni mustahkamlash, raqamli makonda milliy kontentni ko‘paytirish maqsadida AT parklarda kompyuter va mobil o‘yinlar yaratuvchilari uchun inkubatsion markazlar ochiladi. Har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil o‘yin yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.

– Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qizimiz chetda qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Shu maqsadda “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi, ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Qanot” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da ilgari surilgan g‘oyalarni amaliy loyihaga aylantirish uchun “Tashabbuslar ofisi” tashkil etiladi va bu ishlarga 50 milliard so‘m ajratiladi.

Uchrashuvda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar yoshlar kelajagi va millat genofondiga katta tahdid solayotgani ham qayd etildi.

– Bu illatning yoshlarimiz orasida ildiz otishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz, uni tag-tomiri bilan quritmaguncha to‘xtamaymiz. Giyohvandlik insonning eng qimmatli boyligi – sog‘lig‘i, aql-irodasi, orzu-maqsadlaridan ayiradi. Unutmang! Hayot insonga bir marta beriladi. Bunday illatlarga nisbatan murosasiz bo‘ling, umrning har bir daqiqasini ezgu ishlarga sarflang! – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz ota-onalarga ham murojaat qilib, farzandning kamol topishi, uning yorqin kelajagi uchun mustahkam poydevor, eng avvalo, oilada yaratilishini taʼkidladi. Ota-onalarni bugungi tez o‘zgarib borayotgan murakkab sharoitda farzand tarbiyasiga har qachongidan ham eʼtiborli va masʼuliyatli bo‘lishga chaqirdi.

Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Ular o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari muloqot yakunida yigit-qizlarni katta marralar sari dadil intilishga, bilim, kasb va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashga daʼvat etdi.

– Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman. Katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang! Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish