Isroilda saylovlar yakunlandi, ammo hali ham g‘olib aniqlangani yo‘q
Oktabr 30, 2026. 12:00 • 3 daq
• 133
TЕL-AVIV, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. Isroilda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari yakunlariga ko‘ra, ovozlarni sanab chiqish nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, na amaldagi bosh vazir Binyamin Netanyaxu bloki, na Gadi Ayzenkot boshchiligidagi muxolifat Knessetda yetarlicha o‘rinni qo‘lga kirita oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi “Likud” partiyasi 20,51 foiz, Gadi Ayzenkotning markazchi “Yashar” partiyasi esa 16,06 foiz ovoz to‘plagan. Natijada bosh vazir bloki 53 ta, muxolifat esa 48 ta mandatga ega bo‘ldi. Yana 19 ta o‘rin rekord natija ko‘rsatgan “Birlashgan ro‘yxat” va “RAAM” arab partiyalariga nasib etdi.
Biroq hukumatni shakllantirish uchun 120 ta deputatlik o‘rnidan kamida 61 tasiga ega bo‘lish talab etiladi. Shu bois siyosiy kuchlarni oldinda koalitsion muzokaralar kutmoqda va bunda arab partiyalari muhim rol o‘ynashi mumkin.
Muhokama qilinayotgan ssenariylardan biri – Binyamin Netanyaxu va muxolifatning bir qismi ishtirokida milliy birlik hukumatini tuzishdir.
“Walla” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi bosh vazir ikki yildan so‘ng o‘z lavozimini Gadi Ayzenkotga bo‘shatib berishi, keyinchalik esa mamlakat prezidenti lavozimiga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan variant ko‘rib chiqilmoqda.
Boshqa bir variant esa arab partiyalarining vaziyatga qarab qo‘llab-quvvatlashi asosida muxolifat tomonidan ozchilik hukumatini shakllantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, amaldagi bosh vazirni yana hukumatga rahbarlik qilish imkoniyatidan mahrum etishi mumkin bo‘lgan bosh vazirlik muddati sonini qonuniy cheklash masalasi ham muhokama qilinmoqda. Biroq bu masalada muxolifatning o‘zida ham yakdillik yo‘q.
Agar koalitsiya bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Isroilni yangi parlament saylovlari kutmoqda. Yangi hukumat tuzilgunga qadar bosh vazir vazifasini Netanyaxu bajarishda davom etadi.
Yakuniy natijalarning rasman e’lon qilinishi 4-noyabrdan avval bo‘lmasligi kutilmoqda. Shundan so‘ng Isroil Prezidenti Isxak Gersog parlament fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi va nomzodlardan biriga hukumatni shakllantirishni topshiradi.
Ovoz berish jarayonidan keyin ham siyosiy keskinlik saqlanib qolmoqda. “Likud” taxmin qilinayotgan qonunbuzarliklar haqida ma’lum qilib, saylovlarni “o‘g‘irlangan” deb atadi, Gadi Ayzenkot esa bosh vazir partiyasini natijalarning qonuniyligini shubha ostiga qo‘yishga urinishda aybladi.
Ustiga-ustak, o‘ta o‘ngchi siyosatchi Itamar Ben-Gvir arab partiyalari yetakchilarini Qatardan moliyalashtirilayotganlikda gumon qilib, ularni hibsga olishga chaqirdi, biroq bunga hech qanday ochiq dalillar keltirilmadi.
Ushbu saylovlar G‘azo sektoridagi urush va Eron bilan harbiy mojaro boshlanganidan buyon Isroilda o‘tkazilgan birinchi parlament saylovlari bo‘ldi hamda mamlakatning keyingi siyosiy yo‘nalishini belgilovchi muhim ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.
“Reuters” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi