Fransiyada o‘zbekistonlik mutaxassislarga “Hamma uchun suv” xalqaro dasturi diplomlari topshirildi

Oktabr 30, 2026. 11:30 • 2 daq

• 9
Fransiyada o‘zbekistonlik mutaxassislarga “Hamma uchun suv” xalqaro dasturi diplomlari topshirildi

PARIJ, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. Fransiyada “Hamma uchun suv” (“Eau pour Tous”) xalqaro ta’lim dasturining 2025–2026-o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan vatandoshlarimizga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir “AgroParisTech” muhandislik maktabida tantanali ravishda o‘tkazildi. Unda suv ta’minoti va oqova suvlarni tozalash sohasida faoliyat yurituvchi dunyoning 23 davlatidan kelgan 37 nafar rahbar va mutaxassis diplom oldi.

“International Executive Master OpT” dasturi boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, suv resurslarini boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan. 

Marosimda ishtirokchi davlatlar diplomatik missiyalari vakillari, “AgroParisTech”, “SUEZ” kompaniyasi, Fransiya taraqqiyot agentligi rahbariyati ishtirok etdi.

Tadbirda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, malakali rahbar kadrlarni tayyorlash va suv ta’minoti hamda sanitariya sohasida samarali yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur dastur “AgroParisTech” va “SUEZ” hamkorligida amalga oshirilib, asosan Afrika va Osiyo mamlakatlari mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, u BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining oltinchisi - barcha uchun toza suv va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonlik mutaxassislarning o‘qishi Fransiya tomonidan moliyalashtiriladi. Vakillarimizning ushbu dasturda ishtirok etishi suv xo‘jaligi sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or xalqaro tajribani o‘zlashtirish hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish