Budapeshtdan munosabat: TDT sammiti O‘zbekistonning turkiy hamkorlikka iqtisodiy mazmun bag‘ishlayotganini namoyon etdi

Noyabr 03, 2026. 19:00 • 2 daq

• 36
Budapeshtdan munosabat: TDT sammiti O‘zbekistonning turkiy hamkorlikka iqtisodiy mazmun bag‘ishlayotganini namoyon etdi

BUDAPESHT, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya Xalqaro munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet “Dunyo” AAga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi:

– TDTning 13-sammiti O‘zbekistonning turkiy hamkorlikka yanada salmoqli iqtisodiy mazmun bag‘ishlashga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tashkilotni siyosiy muloqot va madaniy birdamlik maydonidan sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalarni jalb etish va o‘zaro transport bog‘liqligini rivojlantirish mexanizmiga aylantirishga qaratilgan.

Buning uchun iqtisodiy shart-sharoitlar yetarli: O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar, jumladan, kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston va Vengriya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 4,13 milliard AQSh dollaridan 2025-yilga kelib 10,82 milliard dollarga yetdi.

Savdo yo‘nalishida import ulushining ustunligi bilan bog‘liq nomutanosiblik saqlanib qolmoqda. Shu bois mamlakat uchun o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish va tayyor mahsulotlar bilan xalqaro bozorlarga chiqish muhim ahamiyatga ega.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, yuzta qo‘shma investitsiyaviy va sanoat loyihasini, noyob minerallarni qayta ishlash hamda “yashil” energetika uchun uskunalar ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Turkiy dunyo – 100” dasturi ayni shu mantiqqa mos keladi. Tashabbuslarni Turkiy investitsiya jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlarini jalb etish hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Transport bog‘liqligini rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Turkiy davlatlarning birgalikda boshqariladigan logistika majmualari tarmog‘ini barpo etish O‘rta yo‘lakni to‘laqonli iqtisodiy tizimga aylantirishga xizmat qiladi. “Global Gateway” tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqi ham uni rivojlantirishdan manfaatdor.

O‘zbekiston uchun Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi va Transafg‘on yo‘nalishi istiqbollari alohida ahamiyatga ega. Ularning O‘rta yo‘lak bilan integratsiyalashuvi mamlakatning tranzit va ishlab chiqarish xabi sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.

“TDT plyus” tashabbusi ham e’tiborga molik. Zero, u tashqi hamkorlarni aniq iqtisodiy loyihalarga jalb etishni nazarda tutadi va tashkilotning yopiq geosiyosiy blokka aylanib qolishining oldini olishga imkon beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish