Madriddan munosabat: O‘zbekiston MDHda o‘zaro manfaatli sheriklik va barqaror rivojlanish g‘oyasini ilgari surmoqda
Oktabr 12, 2026. 09:00 • 3 daq
• 62
MADRID, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Ispaniyadagi Pan-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches «Dunyo» AAga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktyabr-kunlari Turkmanistonga amalga oshirgan amaliy tashrifi yakunlarini xususida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha pragmatizm, o‘zaro manfaatdorlik va aniq natijalarga tayangan strategik qarashlarni namoyon etdi. Xalqaro beqarorlik sharoitida ilgari surilgan ushbu tashabbuslar ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
An’anaviy tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda yaratish va ishlab chiqarish kooperatsiyasiga o‘tish taklifi alohida ahamiyat kasb etadi. Investitsiyaviy resurslar, ishlab chiqarish quvvatlari hamda texnologiyalarni birlashtirish yangi korxonalar tashkil qilish, bandlikni kengaytirish va iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi. Erkin savdo zonasini mustahkamlash, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish ham muhim ahamiyatga ega.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tashabbuslar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlarga eksport cheklovlarini joriy etishdan oldin bu haqda xabardor qilish hamda maslahatlashuvlar o‘tkazish taklifi diqqatga sazovordir. Sanoat kooperatsiyasi va o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish maqsadida MDH mamlakatlarining maxsus iqtisodiy zonalari hamda industrial parklarini yagona tarmoqqa birlashtirish ham istiqbolli qadam hisoblanadi.
Transport bog‘liqligini rivojlantirish, integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini qisqartirish va yuk tashish qoidalarini unifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar strategik ahamiyatga ega.
2029-yilni MDHda Transport bog‘liqligi yili deb e’lon qilish tashabbusining qo‘llab-quvvatlangani uzoq muddatli rejalashtirishning muhimligini ko‘rsatadi. Energetika xavfsizligi sohasidagi hamkorlik, past uglerodli texnologiyalar va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, Ispaniya kabi yevropalik hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xavfsizlik va gumanitar hamkorlik sohalaridagi tashabbuslar ham g‘oyat muhim. MDHning Transchegaraviy kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashuvini kuchaytirsa, ijodiy sohalar va yoshlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash xalqlar o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi.
Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvi izchil mintaqaviy siyosatning yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Strategik sheriklik oliy kengashini tuzish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab, hamkorlikni tizimli asosga qo‘yadi.
O‘zaro savdo hajmining o‘sishi, «Shovot–Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasining rivojlanishi hamda sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi sheriklikning kengayishi ulkan salohiyatdan dalolat beradi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish istiqbollarini ifodaladi. O‘zaro savdoning o‘sishi, O‘zbekistonda arman kapitali ishtiroki va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi qishloq xo‘jaligi, sanoat, farmatsevtika, kimyo tarmog‘i va turizm sohalaridagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini mintaqada ishonch, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shilgan izchil hissa deb bilaman.
Bu tashabbuslar strategik qarashlar bilan birga ishlab chiqarish kooperatsiyasi va transport loyihalaridan tortib sheriklikning yangi institutlarigacha bo‘lgan aniq amalga oshirish mexanizmlariga egaligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonning MDHga bo‘lajak raisligi ushbu kun tartibini ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ishonchim komilki, taklif etilgan tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xalqlar farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi