BMTda munosabat: O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya muhim strategik ahamiyatga ega

Avgust 09, 2026. 12:01 • 3 daq

60
BMTda munosabat: O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiya muhim strategik ahamiyatga ega

NYU-YORK, 9-avgust. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan “Ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

BMT bosh kotibining Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentida siyosatni muvofiqlashtirish bo‘yicha yordamchisi Byorg Sandkerning mazkur rezolyutsiya yuzasidan bildirgan fikrlari ham ushbu hujjatning dolzarbligi va strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Byorg Sandkerning fikricha, bugungi kunda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki kuchli davlat institutlari, samarali boshqaruv va keng jamoatchilik manfaatlarini ifoda etadigan parlamentlar faoliyati bilan ham bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, mazkur rezolyutsiya parlamentlarni xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilikka, davlat siyosatiga va byudjet ustuvorliklariga samarali tatbiq etuvchi muhim institut sifatida eʼtirof etadi.

Rezolyutsiyaning yana bir muhim jihati shundaki, u 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi hamda 2025 yilda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar bilan uyg‘un holda qabul qilindi. Xususan, qashshoqlikni qisqartirish, munosib mehnat va to‘liq bandlikni taʼminlash, ijtimoiy integratsiyani kuchaytirish kabi vazifalarning amaliy ijrosida parlamentlarning faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.

Ekspert taʼkidlaganidek, parlamentlar aholi manfaatlarini ifoda etish, davlat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish hamda inklyuziv davlat siyosatini shakllantirish orqali jamiyatda adolat, barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa qabul qilinayotgan qarorlarda barcha qatlamlar manfaatlari hisobga olinishini taʼminlaydi.

Shu bilan birga, mazkur rezolyutsiya BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti faoliyati uchun ham muhim ahamiyatga ega. Departament davlatlarga tahliliy yordam ko‘rsatish, ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish, institutsional salohiyatni mustahkamlash va texnik hamkorlikni rivojlantirish orqali rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashishini bildirmoqda.

Eng muhimi, ushbu hujjatning haqiqiy qiymati undagi siyosiy bayonotlar bilan emas, balki uning natijasida insonlar hayotida yuz beradigan ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, imkoniyatlar tengligini kengaytirish va hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik kabi tamoyillarni hayotga tatbiq etish mazkur rezolyutsiyaning asosiy maqsadini tashkil etadi.

BMT vakili O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur rezolyutsiya mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash bilan birga, parlament diplomatiyasi va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi global hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini alohida taʼkidladi.

Bu milliy taraqqiyot maqsadlarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, inson qadri va ijtimoiy adolatni taʼminlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish