Kubanichbek Omuraliyev: Yangi O‘zbekiston keng ko‘lamli, tizimli transformatsiyaning muvaffaqiyatli namunasini yaratdi

Iyul 19, 2026. 09:00 • 9 daq

502
Kubanichbek Omuraliyev: Yangi O‘zbekiston keng ko‘lamli, tizimli transformatsiyaning muvaffaqiyatli namunasini yaratdi

ISTANBUL, 19-iyul. /“Dunyo” AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekistonning TDT faoliyatidagi o‘rni haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Joriy yil Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganiga 10 yil to‘ladi. Siz ushbu islohotlarni qanday baholaysiz va mamlakatda ro‘y bergan qaysi o‘zgarishlar eng ahamiyatli hisoblanadi?

– So‘nggi o‘n yil mobaynida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat va jamiyat hayotining deyarli barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ularning natijalari bugungi kunda yaqqol namoyon bo‘lib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi turmush darajasi yuksalishi, O‘zbekistonning xalqaro nufuzi mustahkamlanishi va davlat boshqaruvi tizimi takomillashganida o‘z ifodasini topmoqda.

Fikrimcha, ushbu davrning eng muhim natijalari quyidagilardan iborat bo‘lmoqda:

Birinchidan, mamlakatning ochiqligi. O‘zbekiston tashqi siyosatni sezilarli darajada faollashtirib, qo‘shni davlatlar va xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarni mustahkamladi. Bu esa davlatning sarmoyaviy jozibadorligi va jahon arenasidagi obro‘sini oshirishga imkon berdi.

Ikkinchidan, iqtisodiy islohotlar. Valyuta bozori erkinlashtirildi, investitsiya muhiti sezilarli darajada yaxshilandi, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratildi, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Natijada, iqtisodiyot yanada barqarorlashib, diversifikatsiyalashdi.

Uchinchidan, ijtimoiy sohaning rivojlanishi. Zamonaviy maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari, infratuzilma obyektlari qurilishiga katta mablag‘ yo‘naltirildi. Yoshlar, xotin-qizlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari amalga oshirilmoqda.

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va TDT o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Ushbu hamkorlikning qaysi jihatlarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va kelajakda qanday qo‘shma loyihalar ustuvor ahamiyat kasb etishi mumkin?

– O‘zbekiston 2019 yilda TDTning to‘laqonli aʼzosiga aylandi, 2022–2023 yillarda esa tashkilotga ilk bor raislik qildi. Ushbu davr mobaynida O‘zbekiston raislik vazifasini samarali amalga oshirib, TDTning yanada institutsional rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston tashkilot tarixida birinchi marta ustuvor yo‘nalishlar va tadbirlar majmuini o‘z ichiga olgan Raislik konsepsiyasini ishlab chiqdi. Mazkur hujjat aʼzo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni o‘zida mujassam etdi.

Konsepsiya TDTga aʼzo barcha davlatlarga taqdim etildi va yuqori baholandi. Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston tomonidan asos solingan Raislik konsepsiyasini ishlab chiqish amaliyoti tashkilotning yangi anʼanasiga aylandi kelmoqda.

O‘zbekistonning TDT bilan hamkorligini mamlakat tashqi siyosatining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholash mumkin. Siyosiy muloqotning kuchayishi, savdo-iqtisodiy aloqalarning o‘sishi, O‘rta yo‘lak bo‘ylab transport o‘zaro bog‘liqligining rivojlanishi hamda madaniy-gumanitar almashinuvning kengayishi eng muvaffaqiyatli natijalar bo‘ldi. Bugungi kunda TDT transport, energetika, raqamlashtirish va “yashil” iqtisodiyotga alohida eʼtibor qaratmoqda.

TDT mintaqasining iqtisodiy salohiyati tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025 yilga kelib, TDTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti 2,4 trillion AQSH dollaridan oshadi, umumiy savdo hajmi esa 1,27 trillion dollarga yetdi. O‘rtacha 6,86 foizlik iqtisodiy o‘sish surʼati bilan mintaqamiz 3,2 foizlik jahon prognozidan ikki barobardan yuqori natija ko‘rsatib, barqaror va ishonchli rivojlanmoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston TDT doirasida nafaqat ishtirokchi, balki amaliy loyihalar tashabbuskori sifatida o‘zini ko‘rsatayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu logistika, savdoni soddalashtirish, raqamli iqtisodiyot, yoshlar va taʼlim dasturlariga taalluqlidir.

– O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ochiq tashqi siyosatni shakllantirish bo‘ldi. Sizningcha, bu o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat ishonchini mustahkamlashga qay darajada hissa qo‘shmoqda?

– Bu o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada mustahkamladi. Ochiq tashqi siyosat mamlakatga avvalgi yakkalanib qolish holatidan chiqish, qo‘shnilar, xalqaro tashkilotlar va dunyoning yetakchi hamkorlari bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.

Eng muhimi, O‘zbekiston kelajagi porloq, ochiq va masʼuliyatli hamkor sifatida qabul qilina boshlandi. Bu siyosiy aloqalar o‘sishida, iqtisodiy hamkorlik kengayishida, xorijiy investorlar qiziqishi ortishida, shuningdek, BMT, YEXHT, TDT, SHHT, Yevropa Ittifoqi va boshqa tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik faollashuvida namoyon bo‘ldi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani, ayniqsa, muhim yutuq bo‘ldi. Yaxshi qo‘shnichilik siyosati, chegara, transport va suv-energetika masalalarining hal etilishi mintaqada yangi ishonch muhitini vujudga keltirdi. O‘zbekiston mintaqaviy muloqot tashabbuskorlaridan biriga va muhim xalqaro masalalarni muhokama qiladigan maydonga aylandi.

Bundan tashqari, ichki islohotlar – iqtisodiyotni erkinlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar, davlat organlari ochiqligini oshirish – ham mamlakatning xalqaro obro‘siga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Xalqaro hamjamiyat nafaqat tashqi siyosiy bayonotlarni, balki davlat ichidagi haqiqiy o‘zgarishlarni ham yuksak baholadi.

– Bugungi kunda O‘zbekiston barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, ilm-fan, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishidagi tashabbuslarni faol ilgari surmoqda. TDT doirasida bu sohalarda kelgusi hamkorlik uchun qanday imkoniyatlarni ko‘rayapsiz?

– Nazarimda, yaqin yillarda aynan ushbu yo‘nalishlar TDTga aʼzo davlatlar hamkorligining kun tartibini belgilab beradi. Zamonaviy chaqiriqlar nafaqat iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni, balki turkiy davlatlarning intellektual, texnologik va ilmiy salohiyatini birlashtirishni ham taqozo etmoqda. Avvalo, “yashil” iqtisodiyot sohasida katta istiqbollar ochilmoqda. Bular quyosh va shamol energetikasi sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish va ekologik toza transportni rivojlantirishdan iborat.

Mazkur yo‘nalishda mamlakatlarimiz tomonidan strategik ahamiyatga ega qo‘shma loyihalar allaqachon hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston birgalikda Qirg‘iziston hududida Qambarota-1 GES qurilishi loyihasini amalga oshirayapti.

Gidroelektr stansiyasining loyihaviy quvvati 1860 MVtni tashkil etadi. Mazkur loyihaning ro‘yobga chiqarilishi mintaqaning energetik xavfsizligini sezilarli darajada mustahkamlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga hamda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratishga imkon beradi.

Tajriba va sarmoyalarni birlashtirish barqaror rivojlanishga o‘tishni tezlashtiradi. Raqamli transformatsiya ham kam bo‘lmagan muhim yo‘nalishdir. TDT mamlakatlari raqamli infratuzilmani yanada faolroq rivojlantirishi, elektron hukumat, sunʼiy intellekt tizimlari, kiberxavfsizlik texnologiyalari va raqamli savdoni joriy etishi mumkin. Yagona raqamli makonning yaratilishi biznes va davlat institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni sezilarli darajada osonlashtiradi.

Joriy yilning may oyida Turkiston shahrida global va mintaqaviy rivojlanishning zamonaviy tendensiyalarini to‘laqonli aks ettiruvchi “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” shiori ostida tashkilotimizning navbatdagi norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining “Raqamli turkiy dunyo” konsepsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusi muhimligini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Mazkur konsepsiya zamonaviy voqeliklar, texnologik o‘zgarishlar va raqamli rivojlanishning umumiy ustuvorliklarini hisobga olgan holda turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir kompleks va tizimli yondashuvni nazarda tutadi.

– So‘nggi o‘n yillikdagi islohotlar davomida O‘zbekiston qator xalqaro va mintaqaviy loyihalarning tashabbuskoriga aylandi. Amalga oshirilgan tashabbuslarning qaysi biri Markaziy Osiyo va umuman xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega?

– Eng muhim tashabbuslar sirasiga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarini kiritgan bo‘lardim. Aynan ushbu format mintaqa mamlakatlariga xavfsizlik, savdo, transport, suv, energetika va ekologiya masalalarini ortiqcha tashqi ziddiyatlarsiz, mustaqil ravishda muhokama qilish imkonini berdi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish ­­– transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishdir. Transkaspiy yo‘nalishi, temiryo‘l va avtomobil yo‘laklari, portlar hamda yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq loyihalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyat kasb etib, mintaqani Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muhim bo‘g‘inga aylantirmoqda.

Uchinchi muhim tashabbus – Afg‘oniston borasida tinchlik, barqarorlik va gumanitar hamkorlikni ilgari surishdir. O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma, savdo va energetikani rivojlantirish tarafdori sifatida izchil pozitsiyani egallab kelmoqda.

Bu butun Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun muhimdir. Shu yo‘nalishda barcha turkiy davlatlar 2025 yil may oyida bo‘lib o‘tgan TDTning Budapesht sammiti doirasida Afg‘oniston bo‘yicha Qo‘shma bayonotni qabul qilib, O‘zbekiston tashabbusi bilan hamjihat ekanini namoyon etdi.

Shuningdek, TDTga aʼzo davlatlarning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar yuzasidan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Ekologiya va barqaror rivojlanish, jumladan, Orol muammosi, suvni tejash, iqlim o‘zgarishi va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslar ham uzoq muddatli ahamiyatga egadir. Bu muammolar milliy chegaralardan tashqariga chiqib, birgalikdagi mintaqaviy yechimlarni talab etadi.

– Ko‘plab xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekiston islohotlari tajribasini keng mintaqadagi ulkan transformatsiyaning eng yorqin namunalaridan biri sifatida eʼtirof etmoqda. Sizningcha, bu tajribaning qaysi jihatlari boshqa davlatlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi?

– Yangi O‘zbekiston tajribasi, avvalo, islohotlarning bir vaqtning o‘zida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va tashqi siyosat sohalarida kompleks tarzda olib borilgani bilan ahamiyatlidir. Boshqa davlatlar uchun aynan shu yondashuv – ayrim o‘zgarishlar emas, balki rivojlanish modelining tizimli transformatsiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.

“Davlat – inson uchun” tamoyili alohida qiziqish uyg‘otadi. Islohotlar aholi turmush sifatini oshirish, taʼlim, tibbiyot, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar, xotin-qizlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Bunday insonparvar yondashuv ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Davlat boshqaruvi raqamlashtirilishi va uning shaffofligini oshirish ham muhimdir. Xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish, byurokratiyani qisqartirish, aholi bilan qayta aloqa mexanizmlarini rivojlantirish yanada samarali va zamonaviy boshqaruv tizimini yaratadi.

O‘zbekistonning islohotlarni barqarorlikni saqlagan holda uyg‘unlashtira olish qobiliyati alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu keng ko‘lamli o‘zgarishlarni tadrijiy, izchil va milliy o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, Yangi O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun siyosiy iroda, ochiqlik, ijtimoiy faollik, pragmatik tashqi siyosat qanday qilib chuqur va barqaror transformatsiya asosi bo‘la olishiga misol sifatida qiziqarlidir.

– Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz xalqi va rahbariyatiga qanday tilaklaringiz bor? Kelgusi yillarda O‘zbekistonning yanada rivojlanishi borasida qanday kutilmalaringiz bor?

– Islohotlarning 10 yilligi va mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Yangi O‘zbekiston rahbariyati va qardosh xalqiga tinchlik, barqarorlik, hamjihatlik va farovonlik yor bo‘lsin. Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Boshlangan barcha islohotlar bundan buyon ham asosiy maqsadga ­– insonlar farovonligini yuksaltirish, adolatni mustahkamlash, zamonaviy iqtisodiyot, ilm-fan, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilaversin. So‘nggi yillarda shakllangan yangilanish shijoati saqlanib qolishi va har bir oila, har bir hudud hamda har bir fuqaro hayotida o‘zining sezilarli natijalarini berishi juda muhimdir.

Men O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga katta umid va ishonch bildiraman. Aminmanki, mamlakat ochiq, zamonaviy va jadal rivojlanayotgan davlat sifatidagi o‘z mavqeini izchil mustahkamlab, turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirib, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishda davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish