Xitoydan munosabat: “O‘zbekiston–2030” taraqqiyot strategiyasi Xitoyning rivojlanish konsepsiyalariga ko‘p jihatdan mos keladi
Yanvar 14, 2026. 09:00 • 2 daq
• 1
PEKIN, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi maslahatchisi, Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish milliy byurosi direktorining sobiq o‘rinbosari Chan Szile “Dunyo” AA muxbiriga “O‘zbekiston–2030” strategiyasining takomillashtirilishi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Yaqinda delegatsiyamiz O‘zbekistonga tashrif buyurib, qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Biz O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar haqida bevosita va katta taassurotlar oldik.
Mamlakatda “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga umumiy taraqqiyot xaritasi sifatida qarashga qaratilgan islohotlar va ochiqlik jarayoni jadal davom etmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani va keng istiqbolga ega ekaniga chuqur ishonch hosil qildik.
Ushbu tashrif O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi holati, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi almashinuv va hamkorlik natijalari, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, taʼlim va gumanitar aloqalar, qonunchilik va huquqiy tizim, qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalarda erishilgan natijalar haqidagi tasavvurimizni yana-da kengaytirdi. Ilmiy markazlar va tegishli muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.
Muloqot chog‘ida biz O‘zbekiston davlat qurilishi va taraqqiyoti sohasida ulkan yutuqlarga erishayotganiga shaxsan ishonch hosil qildik. Ulkan o‘sish salohiyati va porloq istiqbollarni ko‘rdik va shu munosabat bilan samimiy hayrat va tabriklarimizni izhor etamiz.
Faol amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston va “O‘zbekiston–2030” taraqqiyot strategiyalari Xitoyning rivojlanish konsepsiyalariga ko‘p jihatdan mos keladi. Har ikki tomon ham islohotlar va ochiqlik siyosatiga, xalq farovonligiga yo‘naltirilgan rivojlanish g‘oyalariga amal qiladi, barqaror iqtisodiy o‘sish va har tomonlama ijtimoiy rivojlanishga intiladi. G‘oyalarning strategik yaqinligi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki beradi.
Xitoy va O‘zbekiston yangi davrda do‘stona qo‘shnilar va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklardir. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasidagi aloqalarning chuqurlashuvi bilan ikki mamlakat o‘rtasida infratuzilma qurilishi, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil energetika va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish kabi sohalarda hamkorlikning katta istiqbollari ochilmoqda. Gumanitar almashinuvlarning chuqurlashishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun yana-da mustahkam ijtimoiy asos yaratadi.
Biz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga ijobiy hissa qo‘shganini chuqur anglaymiz. Ishonchim komilki, ikki tomonning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan bu munosabatlar bundan buyon ham yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki xalq farovonligiga xizmat qiladi, mintaqada tinchlik, barqarorlikni taʼminlashga hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi