O‘zbekiston Prezidenti harbiy texnikalar ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi
Yanvar 13, 2026. 20:50 • 2 daq
• 74
TOSHKENT, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev bugun Chirchiq shahridagi texnoparkka tashrif buyurib, mudofaa sanoati korxonalari faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bu yerda zirhli va maxsus texnikalar hamda ilg‘or funksional imkoniyatlari va texnik xususiyatlari bilan ajralib turadigan bir necha turdagi masofadan boshqariladigan jangovar modullarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu yechimlar harakatlanuvchi va turg‘un nishonlarga, shu jumladan, ko‘rinish cheklangan sharoitlarda o‘t ochishni taʼminlaydi. Avtomatlashtirilgan boshqaruv, barqarorlashtirish, optik va akustik kuzatuv tizimlari, shuningdek, zamonaviy nishonga olish vositalari bilan jihozlangan.
Davlatimiz rahbariga asosiy butlovchi qismlarni yig‘ish, optik-elektron va barqarorlashtirish tizimlarini o‘rnatish, dasturiy sozlash va germetiklikni nazorat qilish, qurol-aslahalarni integratsiyalash va kompleks sinovlarni o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish bosqichlari haqida maʼlumot berildi. Yakuniy bosqichda tayyor modullar yengil zirhli texnika namunalariga o‘rnatiladi va dala sharoitida tekshiriladi.
Jangovar modullar turli platformalar, jumladan, yengil zirhli texnika, maxsus avtomobillar, katerlar va zirhli transportyorlarni jihozlash uchun mo‘ljallangan.
Loyiha bir qator xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yurtimizning tegishli idoralari va sanoat korxonalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimiz mudofaa sanoati korxonalarida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ish o‘rinlarini yaratish, o‘z sanoat va texnologik bazasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari mahsulotlarning sifati va ishonchliligiga doir talablarga qatʼiy amal qilish, mahalliylashtirishni izchil kengaytirish, muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi