Logo

O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlamoqda

Fevral 05, 2026. 08:10 • 7 daq

165
O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlamoqda

TOSHKENT, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Shu yilning 5–6-fevral kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashrif so‘nggi yillarda O‘zbekistonPokiston muloqoti faollashganining mantiqiy davomi va ayni paytda O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyasini amalga oshirishda muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

Tashrif mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning yangi arxitekturasi shakllanayotgan, Markaziy va Janubiy Osiyo umumiy iqtisodiy manfaatlar, tarixiy va sivilizatsion ildizlar bilan birlashgan bir-birini to‘ldiruvchi mintaqalar sifatida tobora ko‘proq idrok etilayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.

Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan oldi. Bu 1991-yil 20-dekabrda sodir bo‘ldi. 1992-yil 10-mayda diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi ikki tomonlama hamkorlikning institutsional asosini yaratdi. Biroq, siyosiy muloqot tizimli va strategik xususiyat kasb etgan so‘nggi yillarda munosabatlar rivojida sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi.

2021-yil iyul oyida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi muhim bosqich bo‘ldi. Unda tomonlarning keng ko‘lamli yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorligi mustahkamlandi.

2022-yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi mintaqaviy rivojlanish, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarida Toshkent va Islomobodning strategik yondashuvlari bir-biriga mos kelishini tasdiqladi.

Ikki davlat rahbarlarining ko‘p tomonlama forumlar doirasidagi muntazam muloqotlari alohida ahamiyat kasb etdi. 2022-yil sentyabr oyida SHHTning Samarqand sammiti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi uchrashuvlar, global iqlim va iqtisodiy sammitlar ishonchli va pragmatik muloqotni shakllantirishga xizmat qildi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning 2025-yil fevral oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Uning yakunida Qo‘shma deklaratsiya va Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Ushbu mexanizmning yaratilishi O‘zbekistonPokiston munosabatlariga barqaror institutsional asos berdi hamda ikki tomonlama tashabbuslarni tizimli muvofiqlashtirish va erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish imkoniyatlarini ochdi.

Oliy darajadagi siyosiy muloqot, avvalo, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar O‘zbekistonPokiston munosabatlari tizimida alohida o‘rin tutadi. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam siyosiy maslahatlashuvlar tomonlarning mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va ko‘p tomonlama institutlarni isloh qilish bo‘yicha yondashuvlarini sinxronlashtirish imkonini beradi.

O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama formatda xalqaro tashkilotlar  BMT, SHHT, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ham faol muloqot olib bormoqda. O‘zaro tashrif va uchrashuvlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga, mintaqaviy barqarorlik masalalari bo‘yicha umumiy pozitsiyani shakllantirishga xizmat qilmoqda.

2025 yil iyun oyida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi ikki tomonlama Harakatlar rejasi imzolandi. Bu hujjat siyosiy deklaratsiyalardan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga o‘tish vositasiga aylandi.

Umuman olganda, idoralararo hamkorlik moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikdan tortib Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bu ikki tomonlama munosabatlarni haqiqatan ham keng qamrovli va ko‘p qirrali deb hisoblash imkonini beradi.

O‘zbekiston va Pokiston xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilib, ko‘p qutblilik, suverenitetni hurmat qilish va davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillarini ilgari surmoqda. SHHT va IHT doirasidagi hamkorlik mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashning muhim elementi sifatida qaraladi.

Tomonlar barqaror rivojlanish, iqlim kun tartibi, oziq-ovqat xavfsizligi va tinchlik masalalari bo‘yicha yondashuvlari yaqinligini namoyish etmoqda. Afg‘oniston muammosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda, bunda Toshkent va Islomobod Afg‘onistonni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan tartibga solish va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda.

Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish alohida eʼtiborga loyiq. Parlament delegatsiyalari o‘rtasidagi muntazam aloqalar, do‘stlik guruhlarining faoliyat yuritishi va qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish huquqiy tizimlarni yaqinlashtirishga, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay meʼyoriy bazani yaratishga xizmat qilmoqda.

2025 yil aprel oyida Pokiston parlamenti Senati raisi Yusuf Rizo G‘iloniy boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurib, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etdi. Pokiston delegatsiyasi ham davlatimiz rahbari qabulida bo‘ldi.

O‘sha yilning sentyabr oyida Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Pokistonga tashrif buyurdi va u yerda Pokiston parlamenti hamda vazirlik va idoralarida samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonPokiston munosabatlarining iqtisodiy o‘lchovi barqaror ijobiy dinamikani namoyish etmoqda. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab oldi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 445,8 million AQSH dollariga yetdi, bu esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ishonchning barqaror o‘sib borayotganidan dalolat beradi.

Savdo tuzilmasi iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishini aks ettiradi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ip-kalava, kimyoviy tovarlar va transport xizmatlarini eksport qilsa, Pokiston farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlarini yetkazib beradi. Shu bilan birga, tomonlar savdoga faqat chuqur sanoat va investitsiyaviy kooperatsiyaning boshlang‘ich nuqtasi sifatida qaramoqda.

Bu borada farmatsevtika, to‘qimachilik va charm sanoati ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Qo‘shma korxonalar tashkil etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qo‘shilgan qiymatni oshirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishning samarali mexanizmi sifatida qaralmoqda.

Transport-logistika hamkorligini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu esa tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston uch tomonlama formatida amalga oshirilayotgan Transafg‘on temir yo‘li hamkorlikning muhim loyihasidir. 2025-yil iyul oyida hadli bitimning imzolanishi yuk tashish muddatlari va xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy va Janubiy Osiyoning iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qodir loyihani amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birga, turizm O‘zbekistonPokiston hamkorligining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 20242025-yillarda o‘zaro sayyohlik oqimining barqaror o‘sishi kuzatildi. Bunga viza rejimining liberallashtirilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning tiklanishi va turizm salohiyatining faol targ‘ib qilinishi yordam berdi.

Shunday qilib, agar 2025-yil fevral oyida ikki davlat o‘rtasida haftasiga 1 ta reys amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda Toshkent, Islomobod va Lahor o‘rtasida haftasiga 4 ta reys mavjud. Shu bois, mamlakatimizning ziyorat turizmi sohasidagi ulkan salohiyati tufayli O‘zbekistonga tashrif buyurgan pokistonlik sayyohlar soni 2024-yil yakunlariga ko‘ra, 5,4 ming nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda 3,3 barobarga o‘sib, 18 ming nafardan oshdi. Shu nuqtai nazardan, turizm ham iqtisodiyotga faol taʼsir ko‘rsatadigan iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Madaniy-maʼrifiy va ziyorat turizmi, Janubiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar Boburiylar davri anʼanaviy aloqalari bilan bog‘liq chuqur tarixiy ildizlarga tayanadi. Umumiy tarixiy-madaniy meros xalqlarni yaqinlashtirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va unda kechayotgan transformatsion jarayonlar Pokiston ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik doiralarida barqaror qiziqish uyg‘otmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar siyosati pokistonlik tahlilchilar tomonidan institutsional o‘zgarishlar, iqtisodiy liberallashtirish va faol tashqi siyosatni o‘zida mujassam etgan muhim va ko‘p jihatdan noyob modernizatsiya tajribasi sifatida baholanmoqda.

Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans  kelajak konsepsiyasi” kitobi ushbu qiziqishning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi “Daily Ittehad” media-xoldingi bilan hamkorlikda urdu tilida yozilgan ushbu adabiy-publitsistik kitobning taqdimotini o‘tkazdi. Bu bejiz emas. Keyingi yillarda ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Ushbu hamkorlik mintaqaviy jarayonlarga qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish va ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolini shakllantirishga xizmat qiladi.

Pokistonning madaniyat va sanʼat sohasi vakillari anʼanaviy ravishda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. O‘z navbatida, Pokistonda mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, turizm salohiyati va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan festivallar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar tobora ko‘proq o‘tkazilmoqda.

Bunday keng ko‘lamli madaniy, turizm va axborot loyihalarining amalga oshirilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va biznes-forumlarning o‘tkazilishi madaniy-gumanitar almashinuvlarning karrasiga o‘sishiga olib keldi.

Shu tariqa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga bo‘lajak tashrifi strategik sheriklikni rivojlantirish, iqtisodiy va transport-logistika hamkorligini kengaytirish, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga yangi surʼat bag‘ishlaydi. Bu, shubhasiz, Markaziy va Janubiy Osiyoning barqaror o‘zaro bog‘liqligini shakllantirish, ikki mamlakatning mintaqaviy va global jarayonlarning masʼul ishtirokchisi sifatidagi rolini mustahkamlashdan tomonlarning o‘zaro manfaatdorligini tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish