Dushanbedan munosabat: Iordaniya bilan hamkorlik O‘zbekistonning transport va iqtisodiy aloqalar geografiyasini yanada kengaytiradi

Noyabr 25, 2026. 11:30 • 3 daq

• 77
Dushanbedan munosabat: Iordaniya bilan hamkorlik O‘zbekistonning transport va iqtisodiy aloqalar geografiyasini yanada kengaytiradi

DUSHANBЕ, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa va siyosatshunoslik instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston–Iordaniya hamkorligi dinamikasi Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishi shakllanayotganidan dalolat beradi.

Nega aynan Iordaniya? Tabiiy resurslari cheklangani va hududi nisbatan kichik bo‘lishiga qaramay, Iordaniya mintaqaviy savdo va transport yo‘nalishlari chorrahasida muhim geosiyosiy mavqega ega. Mamlakatning Qizil dengiz sohilidagi yagona dengiz bandargohi – Yaqin Sharq va Sharqiy Afrika bozorlariga chiqish istiqbollarini ochuvchi Aqaba porti O‘zbekiston uchun alohida qiziqish uyg‘otadi.

Keng xalqaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Iordaniyaning siyosiy-diplomatik salohiyati ham qo‘shimcha ahamiyat kasb etadi. Xususan, Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn tashabbusi bilan boshlangan Aqaba jarayoni terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, 2025-yilda sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi. Podshoh Abdulla IIning 25–26-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi oliy darajadagi tashrif bo‘ldi.

Ushbu tarixiy voqea yakunlari bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga asos solgan 15 ta hujjat imzolandi. 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 79,2 foizga o‘sdi, 2021–2025-yillarda esa 8,5 barobarga oshdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-noyabr kuni Aqaba jarayoni doirasida Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yetakchilari uchrashuvidagi ishtiroki O‘zbekistonning ushbu tashabbusni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ifodaladi. 

O‘zbekiston tomoni jarayonning kelgusi uchrashuvlaridan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi. Bu mamlakatning xalqaro muvofiqlashtirish ishlarida faol qatnashish hamda mintaqaviy muloqot maydoni sifatida namoyon bo‘lishga intilishini aks ettiradi.

Iordaniya bilan yaqinlashuvni O‘zbekistonning transport va iqtisodiy bog‘liqlikni kengaytirishga qaratilgan yanada keng ko‘lamli strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rib chiqish lozim. Xitoy va Sharqiy Osiyo, Yevropa davlatlari, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirish, Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga eltuvchi janubiy yo‘nalishni ilgari surish tashqi savdoni diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Shu ma’noda, Iordaniya bilan hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki yanada keng ko‘lamli vazifani amalga oshirish – O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy bog‘liqligini mustahkamlash uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish