O‘zbekiston Prezidenti Belarus delegatsiyasini qabul qildi
Iyul 20, 2026. 21:01 • 2 daq
• 218
TOSHKENT, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz yetakchisining shu yil 8-9-iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani barpo etishda Belarus tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, soha uchun milliy kadrlarni tayyorlash hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi