O‘zbekiston Prezidenti Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti bosh direktorini qabul qildi
Iyul 10, 2026. 15:31 • 2 daq
• 105
TOSHKENT, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli instituti o‘rtasida ko‘p qirrali sheriklikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro tuzilma bilan amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ICESCO kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda Toshkentda tashkilotning ofisi ochildi. Fevral oyida Islom olami madaniy merosi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning 7 ta moddiy va nomoddiy meros obyekti ICESCO ro‘yxatiga kiritildi.
Muloqotda madaniy yodgorlik va qo‘lyozmalarni restavratsiyalash, muhofaza qilish hamda raqamlashtirish, yurtimizning boy tarixiy merosini xalqaro media platformalari orqali keng targ‘ib qilish, shuningdek, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Salim al-Malikni yuksak mukofot – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi