O‘zbekiston Prezidenti Kavkaz musulmonlari idorasi raisini qabul qildi
Iyul 10, 2026. 14:22 • 2 daq
• 99
TOSHKENT, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti shayxulislom tomonidan tuhfa etilgan, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining umumiy saʼy-harakatlariga bag‘ishlangan “Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi” kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, yoshlarning maʼnaviy tarbiyasini yuksaltirish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti ikki tomonlama madaniy-maʼrifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim takliflarni ilgari surdi.
Islomning asl insonparvarlik mohiyatini yoshlarga sodda va qiziqarli tarzda tushuntirish uchun raqamli platformalar va interaktiv taʼlim vositalaridan foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordenini topshirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi