O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakilini qabul qildi
Fevral 17, 2026. 17:14 • 59 soniya
• 127
TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdaysni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalarda almashinuvlar faol davom etayotgani taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Keyingi 5 yilda tovar ayirboshlash 2 baravar oshdi. London fond birjasida O‘zbekistonning 15 milliard dollardan ortiq qiymatdagi suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirildi. O‘tgan yili Qo‘shma iqtisodiy qo‘mita mexanizmi ishga tushdi.
Britaniyalik hamkorlar bilan birgalikda Prezident maktablari tashkil etildi va uchta qo‘shma universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan britaniyalik sayyohlarning soni ortib bormoqda.
Suhbat davomida energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va taʼlim sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
