O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga tashrifi strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tardi
Fevral 15, 2026. 09:10 • 6 daq
• 204ISLOMOBOD, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. Islomobodda O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlab davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev (onlayn formatda), O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, yetakchi tahliliy markazlar, ijtimoiy-siyosiy doiralar vakillari, ekspertlar, siyosatshunoslar, professor-o‘qituvchilar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
– Avvalo, ochiq va samimiy muloqot tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirman. O‘tgan hafta Islomobodda uchrashib, suhbatlashgan edik. Bugun, onlayn tarzda uchrashganimizga qaramay, barcha pokistonlik do‘stlarimni yana bir bor ko‘rishdan xursandman, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev. – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi tarixiy tashrif bo‘ldi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ahillik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi, ishonchga asoslangan va muntazam siyosiy muloqotni rivojlantirdi.
Tadbirda tashrif davomida ikki davlat yetakchilari o‘rtasida imzolangan qo‘shma deklaratsiya ham boshqa hamkorlik hujjatlariga imzo chekilgani haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu raqamlar tashrif qanchalik samarali bo‘lganini tasdiqlaydi.
Islomobodning markaziy ko‘chalaridan birini “Toshkent” ko‘chasi deb nomlash va buyuk ajdodimiz Zohiriddin Muhammad Bobur nomida yangi bog‘ ochish tarixiy yaqinlik va umumiy maʼnaviy qadriyatlarimiz ramziga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti Fan va texnologiya milliy universiteti tomonidan doktor va professor faxriy unvonlari bilan taqdirlandi. Davlatimiz rahbariga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordeni topshirildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu nufuzli mukofot O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va chuqur hurmat ifodasidir.
Elchi Alisher To‘xtayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi tom maʼnoda tarixiy voqea bo‘lgani, ikki tomonlama munosabatlar rivojida mutlaqo yangi sahifa ochilganini taʼkidladi. Tashrif asrlar davomida ikki xalqni bog‘lab kelayotgan do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch anʼanalari ruhida o‘tdi. Oliy darajadagi muzokaralar hamkorlikni sifat jihatidan yangi strategik bosqichga olib chiqdi.
– 2026-yilga qadar Transafg‘on temir yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish mintaqalarimiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan kelishuvdir, – dedi elchi Alisher To‘xtayev – Mazkur loyiha Markaziy va Janubiy Osiyoning transport-logistika xaritasini tubdan o‘zgartirish salohiyatiga ega. Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistonning barqaror rivojlanishi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston va Pokiston yagona yondashuvni ilgari surmoqda: Afg‘oniston beqarorlik manbai emas, balki hamkorlik ko‘prigiga, mintaqalarni bog‘lovchi strategik bo‘g‘inga aylanishi lozim.
Davra suhbati ishtirokchilari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga bo‘lib o‘tgan davlat tashrifi strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiy va transport hamkorligini kengaytirish, gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga kuchli turtki berganini taʼkidladi. Tashrif doirasida Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi, biznes-forum va qator muhim tadbirlarning o‘tkazilishi mamlakatlarimiz integratsiya jarayonlarini tizimli asosda rivojlantirishga intilayotganini ko‘rsatdi.
Qayd etilganidek, mazkur tashrif nafaqat diplomatik tadbir, balki barcha ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadigan muhim siyosiy voqelik va kuchli drayver vazifasini bajaradi.
Pokiston – O‘zbekiston muloqotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish belgilandi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish rasmiy Toshkent va Islomobod uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo va investitsiya oqimlarini jadallashtirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqish imkoniyati eksport-import yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Davra suhbatida qayd etilganidek, bunday yaqinlashuv nafaqat ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga, balki mintaqaviy integratsiya jarayonlarini jadallashtirish, barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Javhar Salem, Mintaqaviy tadqiqotlar instituti prezidenti:
– O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga amalga oshirgan tashrifi mutlaqo yangi siyosiy saviya va mazmunda o‘tdi. Oliy darajadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuv va bitimlar nafaqat ikki davlatning milliy manfaatlariga xizmat qiladi, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarida barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Asrlar davomida shakllangan madaniy va tarixiy rishtalar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Ayniqsa, ilm-fan, intellektual va akademik doiralar vakillarining faol ishtiroki, ilmiy-amaliy muloqotlarning kengayishi hamkorlikning ijtimoiy va maʼnaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishonchim komilki, mazkur tashrif natijalari o‘zaro manfaatli sheriklikni yangi mazmun bilan boyitib, xalqlarimiz farovonligini oshirish, iqtisodiy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish va gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Zafar Navaz Jaspal, Quayde-Aʼzam universiteti dekani, professor:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ramziy va amaliy jihatdan ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, O‘zbekiston yetakchisining Pokiston osmonidayoq harbiy uchoqlar hamrohligida kutib olinishi va Nurxon aeroportida oliy darajada rasmiylar tomonidan kutib olinishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganining yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu holat Pokiston tomonining O‘zbekistonga va uning rahbariga bo‘lgan alohida ehtiromi hamda ishonchining tasdig‘idir.
Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari tarixan, madaniy va iqtisodiy jihatdan bir-biriga uzviy bog‘liq. Transport yo‘laklari, energetika loyihalari, savdo aloqalari va gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali mintaqalararo integratsiyani yangi bosqichga olib chiqish mumkin. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining tashabbuskorligi, xususan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muloqotni institutsionallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini alohida qayd etish kerak.
Asif Tanvir, Muslim instituti xalqaro munosabatlar departamenti rahbari:
– O‘zbekiston va Pokistonni bog‘lab turgan chuqur madaniy va maʼnaviy rishtalar bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayapti.
Xususan, Bobur va Boburiylar sulolasining zamonaviy Pokiston davlatchiligi shakllanishidagi tarixiy o‘rni beqiyos. Bu meros Pokiston xalqi tafakkuri va milliy o‘zligining ajralmas qismiga aylangan. Boburiylar davri ikki xalqni bog‘lab turuvchi mustahkam maʼnaviy ko‘prik bo‘lib, uni chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish strategik ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Lahor shahrida Boburiylar merosini o‘rganishga bag‘ishlangan Madaniy markazni tashkil etish g‘oyasi o‘z vaqtida bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bu tashabbus ilmiy izlanishlar, madaniy almashinuv va turizmni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar ochadi. Shuningdek, tashrif davomida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida imzolangan Buyuk Boburiylar sulolasining ilmiy-maʼrifiy, madaniy va meʼmoriy merosini asrash, o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish to‘g‘risidagi bitim katta tarixiy ahamiyat kasb etadi. Galdagi vazifa ushbu bitim doirasida aniq loyiha va tadbirlarni belgilab, ularni izchil amalga oshirishdan iborat.
O‘zbekiston va Pokiston bundan buyon ham madaniy va maʼnaviy ko‘priklarni izchil mustahkamlab borishi lozim. Islom sivilizatsiyasi, xususan so‘fiylik anʼanalari ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikni asrlar davomida mustahkamlab kelgan. Jumladan, Naqshbandiya tariqati tarafdorlarining Pokistonda ko‘pligi va yurtimizda O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga qiziqishi yuqoriligidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan, ziyorat turizmini rivojlantirish, qo‘shma madaniy va maʼrifiy dasturlarni amalga oshirish muhim, deb o‘ylayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






