Logo

O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi

Fevral 16, 2026. 22:00 • 2 daq

157
O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi

TOSHKENT, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.

Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini taʼkidladi.

Yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligini taʼkidlagan edi.

Ayni damda Prezidentimiz jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar taʼsiridan asrash, ularni ham maʼnan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u berdi.

Bu jarayonda yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini taʼminlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida taʼkidladi. Masʼul idoralarga bu borada qatʼiy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish