Logo

O‘zbekiston Prezidenti fazoga sunʼiy yo‘ldosh uchirish va birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi

Fevral 16, 2026. 18:19 • 3 daq

137
O‘zbekiston Prezidenti fazoga sunʼiy yo‘ldosh uchirish va birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun kosmosga sunʼiy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan o‘lchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Mamlakatimizda kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

– Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati o‘zgarayotganidan dalolat, – dedi Prezidentimiz.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yo‘ldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakatimiz suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega bo‘lishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, bo‘lajak sunʼiy yo‘ldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

– Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy g‘ururimiz ifodasi bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.

Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10-14-kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

O‘zbekiston kosmonavti fazoda bo‘lishi doirasida olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qo‘yish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish), o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish) taklif qilindi.  

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Unda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish topshirildi.

Taqdimot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yo‘ldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish