O‘zbekiston Prezidentiga Sergeli tumanida raqamlashtirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi

Iyul 04, 2026. 15:16 • 2 daq

68
O‘zbekiston Prezidentiga Sergeli tumanida raqamlashtirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi

TOSHKENT, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizning Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentiga dastlab hokimlik binosida tuman idoralarining “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan faoliyati haqida ma’lumot berildi. Tuman hokimligi binosida hokimlikdan tashqari yana 5 ta tashkilot faoliyat yuritib, ular tomonidan aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Xususan, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish qurilmasi aholi uchun ancha yengilliklar yaratadi. Ushbu tizimdan murojaat yo‘llanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bog‘lanadi. Murojaat avtomatik ro‘yxatga olinadi. Murojaatchi ish natijasi, inspektor muomalasi, harakati haqida o‘zining bahosini qo‘yadi.

Davlatimiz rahbari bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozor va boshqa obyektlarga ko‘proq o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilgan. Sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan. Vaziyatlar markazida 17 ta axborot tizimi o‘zaro bog‘langani aholi bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqadi.

Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlarining ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yo‘lga qo‘yilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.

Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Shu yerning o‘zida Toshkent shahrida ta’lim tizimi, qurilish sohasini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish, jamoat xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish