«Yashil makon» loyihasini amalga oshirishda daraxtlar parvarishi va yashovchanligi ustuvor bo‘ladi
Sentabr 21, 2026. 19:03 • 5 daq
• 71
TOSHKENT,-21-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun «Yashil makon» umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va bog‘lar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ekilgan ko‘chatlarni saqlab qolish, ularni sug‘orish va parvarishlashni tizimli tashkil etish borasida kamchiliklar mavjud.
O‘tgan yil bahorda ekilgan ko‘chatlarning ma’lum qismi qurib qolgan. Hudud iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv ta’minoti bo‘lmagan joylarga ko‘chat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi bunga sabab bo‘lmoqda. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar taqdimot qilindi. Ekish muddatlarini har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar xulosasi asosida belgilash, mahalliy iqlimga mos, issiqlik, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli turlarga ustuvorlik berish ko‘zda tutilmoqda.
Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi aks etgan «yashil xarita»larni ishlab chiqib, aholiga e’lon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birgalikda har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yo‘laklari va tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Taqdimotda «Yashil» mahallam» dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish takliflari ko‘rib chiqildi. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish, uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.
Mahallalarning «yashil reytingi»ni joriy etish taklifi ham muhokama qilindi. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezonlar bo‘ladi. Yuqori natijaga erishgan mahallalarni obodonlashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar va «yashil» loyihalarga maqsadli mikrograntlar ajratish orqali rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda «3-30-300» tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish taklif etildi. Bunda har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, aholi yashash hududining kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi, uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi ko‘zda tutiladi.
Ushbu yondashuvlarni turli tabiiy va shaharsozlik sharoitlarida qo‘llash bo‘yicha Toshkent shahrining Yangihayot, Buxoro viloyatining Olot va Samarqand viloyatining Urgut tumanlari uchun ishlab chiqilgan loyihalar taqdim etildi.
Yangihayotda mahalla va jamoat bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari hamda sanoat korxonalari atrofida «yashil belbog‘»lar barpo etish rejalashtirilgan. Sizot suvlarini to‘plab, sug‘orishda qayta ishlatish, suv o‘tkazuvchan qoplamalardan foydalanish, organik qoldiqlardan kompost tayyorlash kabi yechimlar nazarda tutilmoqda. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari sanoat tashlanmalarini kamaytirish, havo sifatini avtomatik nazorat qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish bilan birgalikda olib boriladi.
Olot tumanida cho‘l sharoitiga mos, suvni kam talab qiladigan o‘simliklar hisobiga yashil qoplamani kengaytirishga e’tibor qaratiladi. Mahalliy ko‘chatchilikni rivojlantirish, dendrologiya bog‘i va sho‘rga chidamli o‘simliklar bog‘ini tashkil etish, yo‘l va kanallar bo‘yida himoya daraxtzorlarini barpo qilish taklif etilgan.
Urgutda tog‘ va tog‘oldi hududlariga mos ko‘kalamzorlashtirish, dendrologiya bog‘i va jamoat parklarini yaratish, sanoat zonasi hamda temir yo‘l atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. «Omonqo‘ton» milliy tabiat bog‘ida mahalliy daraxt va buta urug‘lari asosida tabiiy o‘simlik qoplamini tiklash choralari ham ko‘riladi.
Loyihaning ilmiy ta’minotini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlarga mos sog‘lom ko‘chatlarni ko‘paytirish uchun «in-vitro» laboratoriyalari va zamonaviy ko‘chatxonalarni tashkil etish, suvni ko‘p talab qiladigan manzarali gazonlarni bosqichma-bosqich qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bilan almashtirish takliflari bildirildi.
«Yashil AI» modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Sun’iy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun maqbul maydonlar va daraxt turlari bo‘yicha tavsiyalar shakllantiriladi. Ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash, mas’ullarni ogohlantirish hamda natijalarni yagona xaritada ochiq kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va bu yo‘nalishda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Cho‘l hududlaridagi yer resurslari va dorivor o‘simliklar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xususiy sektor ishtirokida yaylovlarda qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni boshlash zarurligi ta’kidlandi. 2027-yil 1-iyulga qadar har bir hududda shunday namunaviy loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Mutasaddilarga taqdim etilgan takliflarni bildirilgan fikrlar asosida takomillashtirish, mahallalarda daraxt ekish va parvarishlash madaniyatini yuksaltirish, yashil hududlarni saqlash bo‘yicha mas’uliyat va nazoratni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi