“DKNews” AA: O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning 30 yillik hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Sentabr 21, 2026. 18:00 • 2 daq
• 23
OSTONA, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “DKNews” axborot agentligida O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlari hamda Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ta’kidlanishicha, 30 yil ichida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi sherikchilik an’anaviy savdo-iqtisodiy aloqalar doirasidan chiqib, sanoat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, raqamlashtirish va investitsiya sohalarini qamrab oldi.
Agentlik 16-sentabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitiga alohida e’tibor qaratgan. Maqolada yozilishicha, yangi format alohida ikki tomonlama loyihalardan mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlari va qo‘shma texnologik tashabbuslarga o‘tish uchun imkon yaratadi.
Materialda iqtisodiy hamkorlik ko‘rsatkichlariga ham to‘xtalib o‘tilgan. 2025-yilda O‘zbekistonning Koreya Respublikasi bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,7 milliard dollarga yetdi. 2016–2025-yillarda Janubiy Koreyadan jalb qilingan investitsiya va kreditlar hajmi esa 2 milliard dollarga yaqinlashdi.
“DKNews” istiqbolli yo‘nalishlar qatorida muhim minerallar, sun’iy intellekt, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, ta’lim va mutaxassislarni tayyorlash sohalarini ajratib ko‘rsatgan. O‘zbekistonning yangi mintaqaviy formatning asosiy ishtirokchilaridan biri sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi