Marko Rubio: Hech narsa o‘zaro munosabatlarni umumiy farovonlikchalik mustahkamlamaydi

Oktabr 19, 2026. 14:00 • 6 daq

• 138
Marko Rubio: Hech narsa o‘zaro munosabatlarni umumiy farovonlikchalik mustahkamlamaydi

SAMARQAND, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida jurnalistlar savollariga javob berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

– Amerika Qo‘shma Shtatlari “C5+1” formati doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga aniq nimalarni taklif qila oladi?

– Bilasizmi, bu - raqobat. Bizda mahsulotlar, o‘z tovarlarini ishlab chiqaradigan kompaniyalar bor. Biz halol raqobat va imkoniyatlar bo‘lishini xohlaymiz. Dunyoda Amerika va Amerika biznesi raqobatlashish uchun halol imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi kerak bo‘lgan biron-bir nuqta yo‘q. 

Biz aynan shunga intilmoqdamiz. 

E’tibor bersangiz, uzoq vaqt davomida odamlar Markaziy Osiyoning, barcha beshta mamlakatning, xususan, O‘zbekistonning ahamiyatini tushunib yetmagan. Bu ajoyib mamlakat. So‘nggi o‘n yillikning o‘zida iqtisodiy o‘sish va farovonlik borasida erishilgan yutuqlar aql bovar qilmas darajada. Biz hamkorlikda ishlash imkoniyatlarini aniqlab olmoqchimiz va aynan shu maqsadda bu yerga keldik.

Bu qaysidir boshqa davlatga qarshi qaratilgan salbiy harakat emas. Davlatlar imkon qadar ko‘proq aloqalarga ega bo‘lishni istaydi. O‘zbekiston barcha bilan do‘st bo‘lish niyatida ekanini ochiq-oydin namoyon etdi. O‘zbekiston hamma bilan aloqa o‘rnatishni xohlaydi. Barcha bilan iqtisodiy munosabatlarga ega bo‘lishni istaydi. Biz ham bundan manfaatdor ekanimizni bildiryapmiz. Shuning uchun bu yerga bizga hamrohlik qilayotgan hamda mavjud imkoniyatlarni o‘rganishni sabrsizlik bilan kutayotgan Amerika kompaniyalari bilan birga keldik.

– O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda bugungi kunda kechayotgan jarayonlardagi o‘rnini qanday baholaysiz?

– Menimcha, O‘zbekiston tamal toshi hisoblanadi. Hozirgina bu yerda ilgari bo‘lmaganim, endigina kelganim haqida gaplashdik. Bu yerda aql bovar qilmas iqtisodiy rivojlanishning ajoyib uyg‘unligi bor, yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’ati qariyb 8 foizni tashkil etmoqda. Biz bu jarayonni rag‘batlantirishni va uni davom ettirishga ko‘maklashishni xohlaymiz. Shunday ekan, sizlarda ulkan imkoniyat bor, deb o‘ylayman.

Agar navbatdagi o‘n yillik ham so‘nggi o‘n yillik kabi o‘tsa, bu yer aql bovar qilmas maskanga aylanadi. Tashrif buyurayotgan sayyohlar soni menda katta taassurot qoldirdi. Hayratda qolganimning sababi - ko‘rsatkichlarning bunchalik yuqori ekanidir. Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganidan borligidan xabarim bor. Hozir Mayamidan to‘g‘ridan to‘g‘ri reysni o‘zlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Boshqa shaharlardan esa bunday reyslar allaqachon mavjud.

Shu bois, barcha qo‘shnilari qatori sobiq ittifoq davridan chiqib, qisqa vaqt ichida bugungi darajaga yetgan mamlakatni ko‘rganimizda hamisha ruhlanib ketamiz. Bu yutuqlarni yanada rivojlantirish va mamlakatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun mavjud ajoyib imkoniyatlar ham bizni ilhomlantiradi. Aynan shuning uchun ham biz shu yerdamiz. Biz ushbu jarayonning ijobiy bir qismi bo‘lishni xohlaymiz.

Shu sababli mamlakatimiz kompaniyalarini o‘zimiz bilan olib keldik, chunki ular ham buning bir qismi bo‘lishni istashmoqda.

– Sizningcha, O‘zbekiston ahli sizning tashrifingiz hamda sizga hamrohlik qilayotgan Amerika kompaniyalari delegatsiyasidan nimalarni kutishi mumkin?

– O‘ylaymanki, biz aniq kelishuvlarga erishamiz va ular haqida e’lon qilamiz. Gap bu yerda ish boshlamoqchi bo‘layotgan, iliq kutib olinayotgan va shu zaminda biznes yuritishdan mamnun bo‘layotgan kompaniyalar haqida bormoqda. Xullas, forum yakunida ushbu yangiliklarni ma’lum qilamiz.

Fikrimcha, bu har ikki davlat uchun juda ijobiy holat. Bu biz kelajakda barpo etmoqchi bo‘lgan hamkorlikning poydevori, xolos, deb o‘ylayman. Biz keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish niyatidamiz. Bu yakun emas, balki boshlanishdir.

Biz bundan juda ruhlandik. Ochig‘ini aytganda, bu dunyoning unchalik katta e’tibor qaratilmagan qismi edi. So‘nggi 20 yil ichida Markaziy Osiyo siyosatchilarimiz tomonidan o‘zi munosib bo‘lgan darajada e’tibor ko‘rmadi. Ammo vaziyat o‘zgarmoqda. Shu boisdan ham hozir shu yerdamiz. Shuning uchun ham o‘tgan yili yetakchilar va Prezident bilan uchrashuv o‘tkazdik. Men Kongress delegatsiyalarini bu yerga ko‘proq tashrif buyurishga chaqirmoqdaman.

Qolaversa, aynan shu sababli bu yerga yana qaytib kelishga umid qilaman. Ikki tomonlama tashrifga qo‘shimcha ravishda “C5+1” formatidagi uchrashuvni ham aynan shu yerda o‘tkazishni xohlaganimizning boisi ham shunda.

– O‘zbekistonlik hamkasblaringiz bilan muzokaralar kun tartibidan qanday asosiy masalalar o‘rin olgan? Mintaqa davlatlarining dunyoda kechayotgan jarayonlardan xavotirda ekanini inobatga olsak, ushbu muhokamalarda AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar qanday o‘rin tutadi?

– Biz AQSh Prezidentining tashrifi amalga oshishini istaymiz, deb o‘ylayman. Kelasi yilda bu masala ustida ishlashimiz va qaysi sanalar ma’qul kelishini ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi. Chunki, o‘ylashimcha, imkoni bo‘lsa, u albatta kelishni xohlaydi. Uning o‘zi ham shunday dedi.

Bugungi kun tartibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu men avvalroq aytib o‘tgan jihat bilan bog‘liq. Ya’ni, muhokama qilinishi lozim bo‘lgan ikki tomonlama masalalarimiz talaygina. Ammo, o‘ylaymanki, oxir-oqibat, dunyodagi har qanday davlat kabi O‘zbekiston ham jahonning boshqa nuqtalarida sodir bo‘layotgan voqealardan xavotirda hamda bu jarayonlarning global iqtisodiyotga ko‘rsatayotgan ta’sirini kuzatib bormoqda.

Biroq ikki tomonlama munosabatlarimizda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘ylab qarasak, aloqalarimizning eng muhim jihati shundaki, ular muammolar yoki mojarolar bilan emas, balki imkoniyatlar bilan belgilanmoqda. O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanayotgan mamlakatdir.

Mamlakat o‘z xalqining farovonligi uchun mislsiz imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Amerikada esa ushbu jarayonning bir qismi bo‘lishdan manfaatdor kompaniyalar bor. Biz yanada ko‘proq ishlarni amalga oshirish yo‘llarini o‘rganish uchun bu yerga keldik. O‘ylaymanki, bu xalqlarimizni, mamlakatlarimizni bir-biriga yaqinlashtiradi.

O‘zaro munosabatlarni umumiy farovonlikchalik hech narsa mustahkamlay olmaydi. Biz hamkorlikni aynan shu negizda qurmoqchimiz va shu sababli bu yerdamiz.

– O‘zbekistonning o‘ta muhim minerallar yetkazib berish va strategik ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qanday baholaysiz?

– Menimcha, bundan butun dunyo manfaatdor. Butun dunyo bironta mahsulotning 100 foizini olishda faqat bitta joyga qaram bo‘lib qolishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bunday holatda siz o‘sha mamlakat va mintaqada yuz berayotgan voqealarga bog‘lanib qolasiz.

Ta’minotni izdan chiqaradigan har qanday holat yuz berishi mumkin. Zero, XXI asr qiyofasini belgilab beruvchi barcha texnologiya va sohalarga nazar solsangiz, ularning aksariyati o‘ta muhim minerallarga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rasiz. Shu bois, barcha turdagi mahsulotlar, jumladan, o‘ta muhim minerallar ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish nafaqat Amerika, balki butun dunyo uchun ustuvor vazifa, deb o‘ylayman.

Agar mamlakatingizda o‘ta muhim minerallar zaxirasi hamda ularni qayta ishlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, ushbu resurslarni mas’uliyat bilan hamda barqaror tarzda rivojlantirish milliy va iqtisodiy manfaatlaringizga to‘la mos keladi.

Shu bois, o‘ta muhim minerallar yetkazib berishni diversifikatsiya qilish, xususan, o‘zida mavjud bunday minerallardan o‘z mamlakatiga naf keltiradigan tarzda foydalanish bo‘yicha biz bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan davlatlarni uchratganimizda, tabiiyki, bu imkoniyatni o‘rganib chiqamiz.

O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatimiz mavjud.

“Dunyo” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish