Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi

Oktabr 06, 2026. 19:24 • 3 daq

• 194
Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi
Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi
Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi
Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi
Jizzaxda “BMB ZA’FARON” plantatsiyalari maydoni 900 gektarga yetdi

O‘SMAT, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. Jizzax viloyatining Baxmal tumanida italiyalik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan “BMB ZA’FARON” loyihasi doirasida za’faron plantatsiyalarini kengaytirish ishlari davom etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Navbatdagi bosqich doirasida plantatsiyalar maydoni 820 gektardan 900 gektargacha kengaytirildi.

Loyiha Italiyaning “FIN.OPERA SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda hamda “O‘zsanoatqurilishbank”ning kredit mablag‘lari jalb etilgan holda amalga oshirilmoqda. Uning umumiy qiymati 120 million yevroni tashkil etib, shundan 70 million yevrosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Hozirgi kunga qadar 91,7 million yevro o‘zlashtirildi.

“BMB HOLDING” ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida loyihaning eng asosiy natijalaridan biri mamlakatimizda shaxsiy urug‘lik (piyozbosh) bazasi shakllantirilgani bo‘lganini ta’kidladi.

“Biz avval piyozboshlarni chetdan keltirib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirdik. Ayni paytda bevosita O‘zbekistonda yetishtirilgan piyozboshlardan foydalanyapmiz. Bu nafaqat importdan butunlay voz kechish, balki chetga za’faron va uning nihollarini ham eksport qilish imkonini bermoqda”, – dedi Bekzod Mamatqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Baxmal tumanida tashkil etilgan 900 gektarlik plantatsiya yaxlit bitta hududda joylashgani bo‘yicha dunyodagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Kelgusida kompaniya plantatsiyalar maydonini 2 ming gektarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

“BMB HOLDING”ning italiyalik hamkori va investori, “HT HOLDING” prezidenti Roberto Tuchchi ushbu hamkorlik ishlab chiqarishning to‘liq mahalliylashtirilgan usulini yaratish imkonini berganini qayd etdi.

“Biz dastlab piyozboshlarni import qilishdan boshlagan edik. Bugun O‘zbekistonda faqatgina mahalliy piyozboshlardan foydalanilmoqda. Ekin yeridan tortib piyozboshgacha, za’faron gulidan tayyor mahsulotgacha – barchasi O‘zbekistonning o‘zida yetishtirilib, ishlab chiqarilmoqda”, – dedi u.

Roberto Tuchchining so‘zlariga ko‘ra, plantatsiyalarni 900 gektardan 2 ming gektargacha kengaytirish ishlari to‘liq mahalliy piyozboshlar hisobidan amalga oshiriladi. U yangi ish o‘rinlari yaratish va Jizzax viloyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi qo‘shma loyihalarning amalga oshishiga ishonch bildirdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston za’faroni va uning asosidagi 20 dan ortiq turdagi mahsulot “ORO ROSSO Milano” brendi ostida Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, AQSh, Tojikiston, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 2025-yilda eksport hajmi 10,2 million yevroni tashkil etdi. 2026-yil oxiriga borib, bu ko‘rsatkichni 12 million yevroga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahsulotlar “USDA Organic” sertifikati va Xitoy bozoriga eksport qilish uchun zarur ruxsatnomalarga ega. Loyiha doirasida 30 mingga yaqin mahalliy aholi mavsumiy ish bilan ta’minlangan, 500 nafardan ortiq fuqaro esa doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Belgilangan rejalarga muvofiq, za’faron plantatsiyalari maydonini 2027-yilgacha 2 ming gektarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarishni mahalliy piyozboshlar hisobiga kengaytirish mahalliylashtirish darajasini yuksaltirish, import qilinadigan ekish materiallariga qaramlikni kamaytirish hamda sohaning eksport salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish