O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Oktabr 19, 2026. 16:20 • 2 daq

• 29
O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi

TOSHKЕNT, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqand shahrida “C5+1” formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Rashid Meredov O‘zbekiston Prezidentiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalardagi aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda ikki mamlakat munosabatlari tarixida yangi mexanizm – Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashi tuzildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari izchil oshib bormoqda. “Shovot – Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda uchinchi Hududlar forumi va Turkmaniston shaharlarida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish